Ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahriridagi oʻziga xosliklar: til iyerarxiyasi va ekvivalentlik
UDC (UOʻK, УДК): 81’255.4, 808.2
INGLIZ TILIDAN TARJIMA QILINGAN MATNLAR TAHRIRIDAGI OʻZIGA XOSLIKLAR: TIL IYERARXIYASI VA EKVIVALENTLIK
Orifjon Tolibovich MADVALIYEV
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti
ОСОБЕННОСТИ РЕДАКТИРОВАНИЯ ТЕКСТОВ, ПЕРЕВОДИМЫХ С АНГЛИЙСКОГО ЯЗЫКА: ЯЗЫКОВАЯ ИЕРАРХИЯ И ЭКВИВАЛЕНТНОСТЬ
Орифжон Толибович МАДВАЛИЕВ
Магистрант Университета журналистики и массовых коммуникаций Узбекистана
PECULIARITY OF EDITING TEXTS TRANSLATED FROM ENGLISH: LANGUAGE HIERARCHY AND EQUIVALENCE
Orifjon Tolibovich MADVALIEV
Master student at the Journalism and Mass Communications University of Uzbekistan Tashkent, Uzbekistan.
Annotatsiya: soʻnggi vaqtlarda asliyatdan, jumladan, ingliz tilidan tarjimalar soni oshdi. Biroq ularning sifati, tahrir darajasi turlicha. Tahrir tarjima matnlar darajasini belgilaydigan, unga bevosita taʼsir qiladigan muhim jarayon boʻlsa-da, bu boʻyicha oʻzbek tilida tadqiqotlar olib borilmagan. Ushbu maqolada ingliz tilidan oʻgirilgan matn tahririning oʻziga xosliklari, tarjimada til iyerarxiyasining xususiyatlari, ekvivalentlikni taʼminlash masalalari tadqiq qilingan. Koʻrsatilgan usullar va amaliy misollar tarjima matnlarni baholash, ularni qayta ishlashda qoʻl keladi. Ulardan foydalangan tarjimon, muharrir, noshir va jurnalistlar tarjima materialining asliyatga va oʻzbek tili tabiatiga mosligini taʼminlay oladi. Bu esa taklif etilayotgan metodikaning samaradorligini tasdiqlaydi. Olingan natijalar tarjima matnlarning ravonlik, tushunarlilik va ekvivalentlik darajasini aniqlash, shu asosda matnni qayta ishlash va pirovardida foydalanuvchilarga sifatli mahsulot taqdim etishga xizmat qiladi.
Kalit soʻzlar: tarjima, tahrir, til iyerarxiyasi, fonema, grafema, morfema, soʻz, soʻz birikmasi, jumla, muqobillik, ekvivalentlik, adekvatlik.
Abstract: recently, the number of translations from the original, including English, has increased. However, their quality and level of editing vary. Although editing is an important process that determines the level of translated texts and has a direct impact on it, research on this issue in the Uzbek language has not been conducted.In this article, the peculiarities of editing the text translated from English, the features of the language hierarchy in translation, and the issues of ensuring equivalence are studied. These methods and practical examples are useful in evaluating translated texts and processing them. Translators, editors, publishers and journalists who use them can guarantee that the translated material is consistent with the originality and character of the Uzbek language. This confirms the effectiveness of the proposed method. The results obtained serve to determine the level of coherence, understandability and equivalence of the translated texts, to process them on this basis and, ultimately, to provide users with a quality product..
Keywords: translation, editing, language hierarchy, phoneme, grapheme, morpheme, word, phrase, sentence, alternative, equivalence, adequacy.
Аннотация: в последнее время увеличилось количество переводов с оригинала, в том числе английского. Однако их качество и уровень редактирования различны. Хотя редактирование является важным процессом, определяющим уровень переводимых текстов и оказывающим на него непосредственное влияние, исследований по этому вопросу на узбекском языке не проводилось. В данной статье исследуются особенности редактирования текста, переведенного с английского языка, особенности языковой иерархии в переводе, вопросы обеспечения эквивалентности. Указанные методы и практические примеры полезны при оценке переведенных текстов и их обработке. Переводчики, редакторы, издатели и журналисты, которые их используют, могут гарантировать, что переведенный материал соответствует оригинальности и характеру узбекского языка. Это подтверждает эффективность предлагаемого метода. Полученные результаты служат для определения уровня связности, понятности и эквивалентности переведенных текстов, для их обработки на этой основе и, в конечном итоге, для предоставления пользователям качественного продукта.
Ключевые слова: перевод, редактирование, языковая иерархия, фонема, графема, морфема, слово, словосочетание, предложение, альтернатива, эквивалентность, адекватность.
Kirish. Globallashgan, axboriy chegaralar yoʻqolib ulgurgan hozirgi davrda tarjima matnlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu esa tarjima matnlar sifatiga talabni ham kuchaytirish zaruratini tugʻdiradi. Tarjima shunchaki boshqa tildagi material bilan tanishishgina emas, u boshqa madaniyat, tafakkur, dunyoqarash, bilimga yuzma-yuz kelish, undan oziqlanishdir. Dunyo tamaddunida katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan xalq va millatlarning eng ishonchli tayanchi, poydevori aynan tarjima boʻlgan.
Taniqli tarjimon Ibrohim Gʻafurov tarjimaning ahamiyati haqida gapirar ekan: “Har qanday milliy tilning fikrni aniq ifodalash qudrati ogʻzaki va yozma adabiyot amaliyotida, muloqot madaniyatida hosil boʻladi. Tilning ifoda salohiyati esa tillardan tillarga tarjimalarda charxlanadi. Bunga ingliz, fransuz, nemis, italyan, ispan, rus, turk tillari yorqin misol boʻla oladi. Bu kabi tillar koʻp asrlik faol tarjima jarayonida mislsiz boyigan, ifoda arsenaliga ega boʻlgan”, deya taʼkidlaydi (3, 33). Darhaqiqat, tarjima alaloqibat tilni, tafakkurni, bilimlarimizni boyitadigan, tasavvur va fikr gorizontlarimizni kengaytiradigan vositadir.
Tarjima tahriri oʻzbek tilida maxsus oʻrganilmagan, bu boʻyicha maxsus ilmiy tadqiqotlar yoʻq. Ammo tarjima nazariyasi va tarjimashunoslik boʻyicha anchagina salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Shu yoʻnalishdagi turli oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy tadqiqotlar, maqolalarda tarjima asarlar, jumladan, ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahririga ham eʼtibor qaratilgan. Gʻaybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Qudrat Musayev, Ibrohim Gʻafurov, Omon Moʻminov, N. Qambarov, Abduzuhur Abduazizov, Muhammadjon Xolbekov, Gʻanisher Rahimov, Zuhriddin Isomiddinov kabi olim va tadqiqotchilar ham tarjima nazariyasi boʻyicha ish olib bordi. Ular asosiy eʼtiborni rus tilidan oʻzbek tiliga va oʻzbek tilidan rus tiliga, qirgʻiz, qozoq, tatar, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq hamda fors, tojik, arab, hind, xitoy kabi tillardan oʻzbek tiliga bajarilgan tarjimalarni tarjimashunoslikning universal va xususiy masalalari doirasida tahlil qilishga qaratgan (9, 16–17). Tarjimashunos Raima Shirinova esa tarjimada kognitiv dissonans fenomeni va uning ahamiyatini oʻrgangan (10).
Tarjima nazariyasi boʻyicha rus va ingliz olimlari zalvarli ish olib borgan. Oʻzbek tarjimashunoslari ayniqsa rus tarjimashunosligidan koʻp oʻrgangan va taʼsirlangan. A. D. Shveyser, L. B. Barxudarov, V. N. Komissarov, A. V. Fyodorov, R. K. Minyar-Beloruchev, Y. Nayda, L. K. Latishev, Y. I. Retsker kabi olimlar tarjima nazariyasiga oid, katta ilmiy-amaliy ahamiyatga ega asarlar yaratdi (9, 47).
Rus olim va tadqiqotchilari tarjima tahriri masalasini ham alohida oʻrganib chiqqan. Jumladan, V. V. Sdobnikov (22), N. S. Zvereva (15), S. M. Vopiyashina (14), O. V. Murduskina (14), O. G. Shetinkova (25), Y. A. Berezovskaya (21), A. O. Ilner (21) kabi olim va izlanuvchilar tarjima tahririning turli jihatlarini tadqiq qilgan.
Tarjima va uning tahriri sifati bevosita material sifatini belgilab beradi. Olimlar tarjimani ikki katta asosiy funksional turga ajratadi: badiiy tarjima va axboriy (badiiy boʻlmagan) tarjima. Badiiy tarjima – badiiy adabiyot asarlari tarjimasidir. Bunda tarjimonning bosh vazifasi asliyatdagi badiiy-estetik jihatlarni, uning qimmatini bera olish, tarjima tilida toʻlaqonli badiiy matn yaratishdir. Bu maqsadga erishish yoʻlida tarjimon vositalarni birmuncha erkin tanlaydi va tarjima matnidagi baʼzi detallarni qurbon qilishi mumkin. Axboriy tarjimaning bosh vazifasi – biror-bir axborot, maʼlumotni yetkazish. U oʻquvchiga badiiy-estetik taʼsir koʻrsatishni maqsad qilmaydi. Bunday matnlar qatoriga ilmiy, rasmiy, ommaviy-siyosiy, maishiy va shunga oʻxshash tusdagi matnlar kiradi. Bunday matnlar tarjimasining asosiy maqsadi – undagi axborotni imkon qadar toʻla yetkazish, ekvivalentlikka maksimal darajada erishishdir (16, 115). Ushbu maqolada badiiy matnlarga emas, axboriy yoʻnalishdagi matnlar tarjimasi tahriridagi oʻziga xosliklarga eʼtibor qaratdik. Bunda qiyosiy va nazariy tahlil usullaridan foydalanildi.
Tarjima va uning tahririda til iyerarxiyasi va ekvivalentlik masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish matn sifati yuqori boʻlishini taʼminlaydi.
Asosiy qism. Atoqli rus tarjimashunosi L. S. Barxudarov keltirishicha, tilshunoslikda til iyerarxiyasining quyidagi darajalari farqlanadi:
– fonemalar darajasi (yozma nutq uchun – grafemalar darajasi);
– morfemalar darajasi;
– soʻzlar darajasi;
– jumlalar darajasi;
– matn darajasi (12, 175–176).
Olim mana shu beshta darajadagi til birligini tarjima qilish mumkinligini misollar orqali tushuntirib beradi. Masalan, inglizcha Heath familiyasi (hiːθ) shaklida oʻqiladi. Buni rus tilida shu tovushlarga eng yaqin tovushlar yordamida Хит shaklida ifodalash mumkin. Ana shu ifoda fonemalar darajasidagi tarjimadir. Chunki har bir fonema yoki grafema uchun tarjima tilida mos fonema yoki grafema topildi. Bunday tarjima turi fanda tarjima transkripsiyasi yoki amaliy transkripsiya deb ataladi.
Misol qilib keltirilgan soʻzni oʻzbek tilida Hit shaklida ifodalash toʻgʻriroq. Chunki inglizchadagi H tovushi uchun oʻzbekchada H boʻgʻiz tovushi koʻproq mos tushadi. Ruschada ana shu tovush yoʻq boʻlgani uchun unga eng yaqin X tovushi tanlangan. Lekin oʻzbek tarjimonlari koʻpincha, hatto asliyatdan tarjima qilganda ham fonema va grafemalarni rus tili tartibiga koʻra oʻgiradi. Bu esa til tabiatiga teskari borish, tarjimaning ekvivalentligiga putur yetkazishdir.
Rus tilida tarjima transkripsiyasida har doim ham talaffuzga eʼtibor berilmaydi. Baʼzan soʻz qanday oʻqilishidan qatʼi nazar, harflar (grafemalar) oʻgiriladi. Masalan, Lincoln soʻzi Linken (ˈlɪŋkən) oʻqilsa-da, Линкольн shaklida yozish qabul qilingan. Ayrim hollarda soʻzning ham oʻqilishi, ham yozilishiga asoslanadi. Newton soʻzi aslida Nyuten (ˈnjuː. tən) oʻqiladi. Lekin Ньютон shakli qabul qilingan. Bunda soʻzning birinchi boʻgʻini uchun fonema, ikkinchi boʻgʻini uchun grafema oʻgirilgan. Oʻzbekchaga ana shu ruscha oʻgirmalar toʻgʻridan toʻgʻri olib qoʻya qolingan.
Shu oʻrinda ikki tushunchaga aniqlik kiritib oʻtish oʻrinlidir. Transliteratsiya – asliyat tilidagi soʻzning grafik (harfiy) tarkibini tarjima tili vositalari bilan aks ettirishdir. Yuqorida misoli keltirilgan Lincoln – Linkoln juftligi bunga misol boʻladi. Transkripsiya esa tarjima qilinayotgan soʻzning tovush tarkibini tarjima tili harflari orqali ifodalashdir. Bunga Heath – Hit juftligi misoldir.
Oʻzbek tilida xorijiy atoqli otlarni, jumladan, kishi ismlarini oʻzlashtirish boʻyicha qatʼiy qoidalar bugungacha ishlab chiqilmagan. Odatda rus tilidan koʻchirib qoʻya qolinadi. Natijada turli xatolarga yoʻl qoʻyiladi, til tabiatiga teskari boriladi. Ana shu muammo tufayli Vikipediyaning oʻzbek segmenti oʻzlashma atoqli otlarni aslicha yozishni boshladi. Onlayn ensiklopediya baʼzi oʻrinlarda transkripsiya boʻyicha, baʼzi oʻrinlarda transkripsiyasiz berish yoʻlidan boryapti. Bunday ikki xillik koʻpchilikda tushunmovchilik va noroziliklarni uygʻotdi. Masalan, Isaak Nyuton nomi sarlavhada Isaac Newton koʻrinishida, maqola ichida Isaak Nyuton shaklida berilyapti (4). Bu holat fonema va grafemalarni tarjima qilishni tartibga solish oʻzbek tarjimashunosligi, tilshunosligi oldida turgan, zudlik bilan hal etilishi zarur boʻlgan masala ekanidan dalolat.
Fonema va grafemalar tarjimasida juda keng tarqalgan holatlardan biri joy nomlarini yozishda ruschadan koʻchirish, tarjima qilinayotgan til – oʻzbek tilining imlo qoidalari va tabiatini hisobga olmaslikdir. Bu xatolik kitoblar, qoʻllanmalar, gazeta va jurnallar, elektron nashrlar, hatto darslik va ensiklopediyalarga oʻrnashib ulgurgan. Ruschadan koʻchirayotgan tarjimonlar nega bunday yoʻl tutayotganini koʻpincha anglamaydi, stixiyali tarzda ruscha imloga ergashadi.
Rus tilida qoʻshma soʻz yoki sifatlovchili birikma shaklidagi joy nomlari asliyatda qoʻshib yoki ajratib yozilishidan qatʼi nazar, chiziqcha bilan yoziladi va bu rus tili uchun toʻgʻri. Masalan, rus tilida Oʻrtabuloq toponimi Урта-Булак shaklida, Mirzo Ulugʻbek tumani nomi Мирзо-Улугбекский район shaklida yoziladi. Oʻzbekchada esa qoʻshma soʻzlar va sifatlovchili birikmalar chiziqcha bilan yozilmaydi. Oʻzbek tili uchun juft va takror soʻzlarni chiziqcha bilan yozish xosdir.
Rus tili ishlangan, qoidalari har tomonlama pishitilgan, koʻp oʻrganilgan til. Ruschada hatto joy nomlari lugʻati ham bor (23). Unga 40 000 ta toponim kiritilgan. Oʻzbekchada esa, afsuski, bunday lugʻat yoʻq. Bizningcha, tarjimashunoslik va ona tilimiz rivoji uchun ana shunday lugʻatlar albatta chop etilishi kerak.
Rus tilidan joy nomlarini baʼzida oʻzgarishsiz ham olish mumkin. Lekin har doim emas. H tovushli toponimlar g bilan olinganini bir oʻrinda aytib oʻtsak, yetarli. Chunki bunday soʻzlar juda koʻp. Gollandiya emas, Hollandiya; Gavayi emas, Havayi va hokazo. Rus tilida h tovushi boʻlmagani uchun ruslar bu tovushni koʻp oʻrinlarda g deb talaffuz qiladi va bu rus tili uchun tabiiy, normal holat. Oʻzbek tilida esa h ni ayta olamiz, shu sababli h bilan yozish oʻzbekchaga mos boʻladi.
Nyu York shahri nomini koʻpincha Nyu-York shaklida yozamiz. Asliyatda New York, Yangi York shahri degan maʼnoda. Sifatlovchili joy nomlari, masalan, Yangi Margʻilon, Koʻhna Urganch, Katta Qozirabod oʻzbek tilida ajratib yoziladi. Demak, nomi mazmunan oʻxshash boʻlgan Nyu Yorkni ham chiziqchasiz yozish zarur (11). Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtmoqchimiz: oʻzbek kirill yozuvidagi ь harfini mutlaqo ortiqcha deb hisoblaymiz. Chunki u tilimiz uchun begona, “oʻzbek tilida hech qanday vazifa bajarmaydi; oʻzidan oldingi undoshning yumshoq talaffuz qilinishini taʼminlaydi, lekin qoida faqat rus tili uchun toʻgʻridir” (6, 140).
Ruschaga taqlid qilish faqat ingliz tilidan tarjimalarda uchramaydi. Boshqa tillardan, ayniqsa, Yevropa tillaridan tarjimalarda transkripsiya va transliteratsiyada, imloda toʻliq ruschaga ergashiladi.
Masalan, Kot dʼIvuar soʻzi fransuzchada République de Côte dʼIvoire shaklida yoziladi. Lekin ruscha variantida chiziqcha orttirilgan: Кот-д’Ивуар. Oʻzbek tilida chiziqcha kerak emas. Chunki u juft yoki takror soʻz emas. Tarjimasi: Fil Suyagi Qirgʻogʻi. Bu soʻzlar orasiga oʻzbekchada chiziqcha qoʻymaymiz, demak, tarjimada ham chiziqcha qoʻyilmasligi kerak.
Rio de Janeyro shahri nomi ham ruschada Рио-де-Жанейро shaklida yoziladi. Oʻzbekchada chiziqchalar mutlaqo ortiqcha. Bu shahar nomi portugalchada Rio de Janeiro koʻrinishiga ega va yanvar daryosi maʼnosini beradi. Oʻzbekcha tarjima imlo qoidalariga koʻra chiziqcha talab qilmagani uning transliteratsiyada ham chiziqcha ishlatmaslikka yetarli asosdir (11).
Fonema yoki grafemalar alohida holatda maʼno tashimaydi. Ularning tarjimasi ham juda kichik doirada, asosan atoqli otlar yoki atamalardagina kuzatiladi. Biroq bu jihat ularning tarjimasiga tarjimon yoki muharrir eʼtiborsiz qarashi kerakligini anglatmaydi.
Rus tilida bir holat odat tusiga kirgan. George, Charles, William, James kabi inglizcha ismlar rus tiliga Джордж, Чарльз (yoki Чарлз), Вильям (yoki Уильям), Джеймс shaklida transkripsiya qilinadi. Biroq ular qirollarning nomini anglatganda ruslar lotinlashtirish yoʻlidan boradi. Yaʼni bu ismlar lotinchaga koʻra transkripsiya qilinadi: Георг, Карл, Вильгельм va Яков (Ошибка: источник перекрёстной ссылки не найден, 177). Bu rus tilida odat tusiga kirgan va shu til uchun toʻgʻri. Lekin oʻzbek tilida qirollar nomini bu shaklda berishga sabab va ehtiyoj yoʻq. Afsuski, shu paytgacha oʻzbekcha matnlarda ham shu holatga koʻr-koʻrona ergashib kelingan. Katta-katta kitoblar, darsliklar va ensiklopediyalarda qirollarning nomi rus tili qoidalariga koʻra lotinlashtirilgan. Ammo soʻnggi yillarda atoqli nomlarni oʻzbek tili tabiatiga yoki kamida asliyatga mos shaklda yozishga harakat qilinmoqda. Bunga yetakchi ommaviy axborot vositalari, tarjimonlar, jurnalist va adiblar, bir soʻz bilan aytganda, ziyolilar hissa qoʻshyapti. Yuqorida tilga olingan qirollar nomining lotinlashtirilishi masalasida ushbu satrlar muallifi ham eʼtibor qaratgan (4). Ana shunday harakat va tushuntirishlar natijasida bugun Buyuk Britaniyaning amaldagi qiroli nomi matbuotda lotincha Karl shaklida emas, ingliz tiliga (asliyatga) mos tarzda Charlz deb berilyapti.
Baʼzi hollarda tarjima birligi morfema (qoʻshimcha) boʻlishi mumkin. Bunda asliyat soʻzidagi har bir qoʻshimchaga tarjima tilida maʼlum bir morfema mos keladi. Masalan, inglizcha books – oʻzbekcha kitoblar soʻzi juftligini olaylik. Bu yerda book oʻzagiga oʻzbekchada kitob oʻzagi, koʻplik qoʻshimchasi -s ga -lar qoʻshimchasi mos kelyapti. Mana shu holat morfema darajasidagi tarjimadir. Bunday tarjima juda kam uchraydi. Chunki ikki tilda semantik jihatdan muqobil boʻlgan soʻzlarning morfologik tuzilishi koʻpincha farq qiladi. Chunki grammatik qoʻshimchalar va ularning soʻzlarga qoʻshilishi aksariyat tillarda farqlidir.
Soʻz darajasidagi tarjima ham ingliz tilidan tarjimada kam kuzatiladi. Chunki ingliz tili Hind-Yevropa tillar oilasiga mansub boʻlsa, oʻzbek tili Oltoy tillar oilasiga mansub. Ikki tilda gap qurilishi, gapda soʻz tartibi, soʻz yasalishi, soʻzning qoʻshimchalar qabul qilishi tubdan farq qiladi. Ingliz va rus tillarida esa soʻz darajasidagi tarjima koʻp uchraydi. Chunki bu ikki til bir oilaga mansub. Garchi boshqa-boshqa tillar guruhidan joy olgan boʻlsa-da, gap qurilishi, soʻz tartibi borasida oʻxshashliklari koʻp. L. S. Barxudarov soʻz darajasidagi tarjimaga quyidagicha misol keltiradi (12, 179):
He |
came |
home. |
Он |
пришел |
домой. |
Har ikki tilda soʻzlarning joylashuvi va maʼnolari birga bir mos tushgan. Bu jumla oʻzbekchaga oʻgirilganda soʻz tartibi oʻzgarib ketadi:
U |
uyga |
keldi. |
Gapdagi tartib oʻzgargan boʻlsa-da, bu yerda soʻz darajasidagi tarjima mavjud. Chunki har bir soʻz tarjima birligi sifatida koʻrilgan va alohida-alohida tarjima qilingan.
Soʻzma-soʻz yoki aynan tarjima koʻp oʻrinlarda oʻzini oqlamaydi. Boshlovchi va havaskor tarjimonlar koʻpincha jumlani soʻzma-soʻz tarjima qilib, tarjimadagi muqobillikni yoʻqotadi. Bunda tarjimon asliyatdagi mazmunni emas, jumladagi soʻz yoki soʻz birikmalarni tarjima qilib qoʻyadi. Baʼzan jumla bor, lekin mazmun yoʻq boʻlsa, baʼzan mazmun nuqsonli boʻlib qoladi. L. S. Barxudarov bunga misol qilib “Keep off the grass!” jumlasi tarjimasini keltiradi (12, 186). Agar bu gapni soʻzma-soʻz tarjima qilsak, “Maysadan nari tur!” degan jumla hosil boʻladi. Asliyatga mos, lekin umumiy mazmunga zid. Bu yerda tarjimaning ekvivalentiligi yoʻqolgan. Agar uni “Maysani bosmang!” yoki “Maysa ustida yurmang!” deb tarjima qilsak, oʻzbekchada mazmunni toʻlaqonli bergan boʻlamiz. Garchi asliyatda bosish yoki yurish haqida gap boʻlmasa ham, jumlaning mohiyati ayni shu maʼnoni taʼkidlayapti. Demak, muharrir tarjima matnining asliyat bilan aynanligiga emas, muqobilligiga eʼtibor qaratishi, shuni asosiy mezon deb bilishi kerak.
Amaliyotdan bir misol. “How much should my baby weigh?” jumlasini tarjimon “Mening bolam qancha ogʻirlik qilishi kerak?” deb oʻgirgan. Bir qaraganda oʻzbekcha, maʼnosi ham tushunarliday. Lekin ifodasi oʻzbekcha emas. Oʻzbek bunday gapirmaydi, fikrini bu tarzda ifoda etmaydi. Retseptor oʻz tiliga, tabiatiga begona ifodali jumlani yaxshi qabul qilmaydi. Natijada kommunikativ funksiya buziladi, tarjimaning ahamiyati susayadi. Xoʻsh, bu jumlada tahrir nuqtayi nazaridan qanday xatoliklar bor?
Ogʻirlik qilish iborasining maʼnosi boshqa, u oʻzini bosmoq, oʻzini qoʻlga olmoq; malol kelmoq; koʻtarishga qiyin boʻlmoq kabi maʼnolarga ega. Demak, bu ibora ayni holatga mos emas. Chunki gap bolaning vazni haqida ketyapti.
Aksariyat holatlarda qaratqichli kishilik olmoshlari ortiqcha, egalik qoʻshimchasining oʻzi maʼnoni bera oladi. Bunday oʻrinlarda olmoshlarni qisqartirish kerak: mening bolam – bolam, sening kitobing – kitobing, bizning vazifamiz – vazifamiz. Bu jumlada ham shunday.
Yuqoridagi tarjimani butunlay boshqacha tarjima qilish zarur. Biz ikki xil variantni taklif etamiz:
Bolamning vazni qancha boʻlishi kerak?
Bolamning ogʻirligi qancha boʻlishi kerak?
Soʻz birikmalari darajasidagi tarjima nisbatan koʻp uchraydi. Uning eng yorqin misoli idiomatik yoki turgʻun (frazeologik) birliklar tarjimasidir. Frazeologik birliklarning mazmuni undagi soʻzlarning maʼnosini ifoda etmaydi, aksincha, bunday birliklar yaxlit holda maʼnoga ega boʻladi. Masalan, boshi koʻkka yetdi iborasida bosh osmonga qadar yetib borgani haqida maʼno yoʻq, bu yerda behad xursand boʻlganlik, katta quvonch maʼnosi mujassam. Bunday birliklarni tarjima qilishda ham asliyatda soʻzlar maʼnosi emas, bir butun iboraning maʼnosi tarjima qilinadi va bu soʻz birikmasi darajasidagi tarjima hisobga olinadi. Kamdan kam holatlarda asliyat tilidagi iborani soʻzma-soʻz tarjima qilish oʻzini oqlaydi: bunda tarjima tilida ham shu soʻzlar ayni maʼnodagi iborani hosil qilishi kerak. Masalan, inglizcha to play with fire iborasi oʻzbekchada oʻt bilan oʻynashmoq iborasiga maʼnodosh. Bunda asliyat tilidagi soʻzlar ham, ibora maʼnosi ham saqlangan.
Agar tarjima matnida quyidagi belgilar kuzatilsa, soʻzma-soʻz tarjima maqsadga muvofiq emas deb hisoblanadi:
- boshqa maʼnoni bersa;
- maʼnoga ega boʻlmasa;
- tuzilishi tasavvurga (mantiqqa) mos boʻlmasa;
- tarjima tili metalingvistikasida (psixolingvistikasida) hech narsaga mos kelmaydi;
- nimagadir mos, lekin tilning muayyan uslubiy darajasida emas (19, 277).
Eng koʻp xatoga yoʻl qoʻyiladigan holatlardan biri ayni shu iboralar tarjimasidir. Amaliyotdan bir misol. “Bebbo” ilovasi matnlarini tahrir qilish jarayonida How to sleep better and feel more rested? jumlasi tarjimasiga duch keldim. Bu yerda soʻz birikmasi darajasidagi tarjima oʻrniga soʻzma-soʻz tarjima yanglish tanlangan. Rus tarjimoni jumlani shunday oʻgirgan:
Как лучше спать и чувствовать себя более отдохнувшими?
Oʻzbek tarjimonining varianti:
Qanday qilib yaxshiroq uxlash va dam olishni his qilish mumkin?
Oʻzbekchada mazmun toʻlaqonli chiqmagan. Buni qisqa va loʻndaroq, asliyatga mosroq oʻgirish mumkin. Feel more rested iborasining soʻzma-soʻz maʼnosi – oʻzini yaxshi dam olgandek his qilmoq. Biroq uni oʻzbekchaga bitta soʻz bilan tarjima qilish mumkin: tiniqmoq. Bu soʻz charchoq, ezilish va shu kabilardan xoli boʻlib, bardam, tetik holatli boʻlish maʼnosiga ega (5, 101). Ammo hozir bu soʻzni mustaqil ishlatmaydigan boʻlib qoldik. Oldin u oʻzi alohida ham qoʻllangan:
Uxla, uxla, safaring uzoq, tiniqib ol, oʻgʻlim. (Oybek, “Bolalik”)
Ana shundan keyin bolalarning aqllarigina emas, tanlari ham sekin-sekin tiniqib bordi. (M. Ismoiliy, “Fargʻona tong otguncha”) (5, 101)
Tilimizda shu soʻz qatnashgan tiniqib uxlamoq, tiniqib dam olmoq iboralari ham bor. Bu iboralar miriqib, charchoq ketadigan (tarqaydigan) boʻlib uxlamoq, dam olmoq maʼnosini anglatadi (5, 101). Bizningcha, yuqoridagi tarjima jumlaning eng yaxshi tahrir varianti quyidagicha:
Qanday qilib yaxshiroq uxlash va tiniqib dam olish mumkin?
Bu oʻrinda soʻz birikmasi darajasidagi tarjima toʻgʻri amalga oshdi va turgʻun birikma – ibora asliyatdagi mazmunga mos ekvivalentini topdi.
Tarjimon baʼzida asliyatdagi til taʼsiriga tushib qoladi va soʻz yoki iborani toʻgʻridan toʻgʻri agʻdarib qoʻya qoladi. Bu oʻzaro yaqin tillardan oʻgirganda ayniqsa koʻp kuzatiladi. Masalan, turk tilidan oʻzbekchaga qilingan tarjimalar shu kabi sunʼiy agʻdarmalarga nisbatan boyroq boʻladi. Tarjimon turkcha iborani oʻzbekchada ham deyarli bir xil takrorlaydi. Bu esa koʻpincha oʻzini oqlamaydi.
Tarjima tiliga ergashish uzoq tillardan tarjima qilishda ham kuzatiladi. Inglizchadan misol. “Oʻyin qutisi (Playbox Module)” loyihasi matnidagi “Then the coach can close the session” jumlasini tarjimon “Keyin murabbiy mashgʻulotni yopishi mumkin” deb oʻgirgan. Close the session iborasi mashgʻulotni yopish tarzida berilgan. Bu oʻrinda session soʻzi mashgʻulot deb toʻgʻri tarjima qilingan. Chunki gap oʻqituvchilar treningi haqida. Biroq yopish soʻzi yanglish tanlangan. Oʻzbekcha ifodaga mos emas. Bu oʻrinda tugatish, yakunlash soʻzlarini qoʻllash toʻgʻri boʻladi. Bizningcha, bu jumla tarjimasini quyidagi variantlardan biriga tahrirlash toʻgʻri boʻladi:
Keyin (yoki shundan soʻng) murabbiy mashgʻulotni tugatishi mumkin.
Keyin murabbiy mashgʻulotni yakunlashi mumkin.
Yana bir eʼtiborli jihat: can modal feʼli hamisha ham qila olmoq deb tarjima qilinavermaydi. Baʼzan mumkin deb ham oʻgiriladi. Bunda imkoniyatga ega boʻlish maʼnosi anglashiladi.
Soʻz birikmasi darajasidagi tarjima faqat frazeologik birliklar bilangina cheklanib qolmaydi. Baʼzan asliyat tilidagi erkin birikmaning maʼnosi unda qatnashgan soʻzlardan kelib chiqadi va u yaxlit holda tarjima qilinadi. Masalan, to come late birikmasi oʻzbekchaga kechikmoq, kech qolmoq, to get dressed birikmasi – kiyinmoq, kiyim kiymoq deb tarjima qilinadi. Garchi asliyat tilida come, late, get, dressed soʻzlari oʻzining lugʻaviy maʼnosini saqlab qolgan boʻlsa-da, tarjima chogʻida butun soʻz birikmasi tarjima birligiga aylanyapti va yaxlit holda oʻgirilyapti (Ошибка: источник перекрёстной ссылки не найден, 182).
Ayrim hollarda jumla darajasidagi tarjima ham uchraydi. Lekin bunda ham soʻz birikmasi darajasidagi tarjimada boʻlgani kabi turgʻun birikmalar asosiy oʻrinni egallaydi. Butun jumla yaxlit tarjima qilinishi uchun u idiomatik xarakterga ega boʻlishi va umumiy mazmuni unda qatnashgan soʻzlarning maʼnosiga bevosita bogʻliq boʻlmasligi kerak. Bunda butun boshli jumla mazmunga ega boʻladi. Jumla darajasidagi tarjimalarga maqollar tarjimasi misol boʻla oladi. Masalan, Kill the goose that laid the golden eggs maqoli soʻzma-soʻz tarjima qilinganda tilla tuxum tugʻadigan gʻozni oʻldirishni anglatadi. Lekin bunday tarjima qilinsa, maqoldan koʻzlangan kommunikativ maqsad toʻla amalga oshmaydi. Oʻzbek tilida shu maqolga ekvivalent maqol bor, demak, shu maqol bilan oʻgirish toʻgʻriroq: Oʻzing suv ichadigan quduqqa tupurma. “Maqollarning barcha tillarda yagona umumiy leksik-semantik maʼnoni anglatishi va oʻz ekvivalentlariga ega ekanligi ularni boshqa tillarda ancha oson tushunish imkonini beradi. Shunga asosan, badiiy matnlarda inglizcha maqollarni oʻzbekchaga tarjima qilish jarayonida ularning kontekstdagi vaziyatini inobatga olish, ularga xos oʻzbek tilidagi ekvivalentlari bilan oʻgirish maqsadga muvofiq. Bu holat tarjima namunasini oʻqib tushunishda maqol maʼnosining toʻgʻri idrok qilinishiga yordam beradi” (1, 586). Lekin bu qoida har doim ham oʻrinli emas, chunki bir tilda bor boʻlgan, maʼlum obrazlar asosida hosil qilingan va oʻziga xos mazmunga ega maqolning ekvivalenti boshqa tilda boʻlmasligi mumkin. Bunday holatlarda maqolni imkon qadar asliyatga mos, undagi maʼnoni toʻlaqonli ifodalaydigan tarzda tarjima qilish zarur.
Boshqa bir misol. “Help yourself” jumlasini asliyatdagi soʻz tarkibiga mos oʻgiradigan boʻlsak, “Oʻzingizga yordam bering” degan jumla paydo boʻladi. Lekin bu jumladagi maʼnoning asliyatdagi maʼnoga aloqadorligi yoʻq. Asliyatda bemalol mehmon boʻlishga, tortinmay noz-neʼmatlardan totinishga chaqiriq aks etgan. Jumlani oʻzbekchaga “Tortinmang, oling”, “Dasturxonga qarang” yoki “Olib oʻtiring” tarzida tarjima qilish toʻgʻridir.
Demak, yuqoridagi holatlarda jumla soʻzma-soʻz yoki unda qatnashgan soʻzlar yordamida emas, yaxlit tarjima qilinyapti. Xuddi shu holat jumla darajasidagi tarjimadir.
L. S. Barxudarov matn darajasidagi tarjimalar asosan sheʼriyat tarjimasida kuzatilishini taʼkidlaydi. Sheʼrlar tarjimasida baʼzan misralardagi soʻzlar, hatto jumlalar ham oʻz maʼnosiga qarab emas, misra yoki baytning umumiy mazmuniga qarab oʻgiriladi. Bunday holatda soʻz yoki jumlalarning maʼnosi asliyatga birga bir mos tushmaydi, lekin misra yoki baytning tarjimasi asliyatdagi mazmun, badiiy-estetik boʻyoqdorlikni ifodalashga xizmat qiladi. Ana shu holat matn darajasidagi tarjimadir. Bu turdagi tarjima tadqiqot ishimizning oʻrganish obyekti boʻlmagani uchun bu masalaga batafsil toʻxtalib oʻtmaymiz.
Fonema, grafema, morfema, soʻz, soʻz birikmasi va jumla darajasidagi tarjima bir-biriga bevosita bogʻlangan holda ham kelib qolishi mumkin. Savolli yoki noaniq oʻrinlarda tarjimon, agar tarjimon eʼtibordan qochirgan boʻlsa, muharrir manbalarga murojaat qilishi kerak.
Amaliyotdan misol. Ommaviy axborot vositalarida tez-tez uchraydigan Katta yettilik, Katta yigirmatalik iboralari aslida xato. Bu yanglishishning ildizi 1990-yillarga borib taqaladi. Rus publitsistlari oʻsha paytlarda inglizcha G7 qisqartmasini Большая семёрка – Katta yettilik deb oʻgirgan. Ibora ilk bor “Kommersant-Vlast” jurnalining 1991-yil 21-yanvar sonida “Boltiqboʻyi Gorbachyovga 16 milliard dollarga tushdi. Kamida” maqolasida ishlatilgan (13). Jurnalist G7 ni Great Seven – Katta yettilik deb oʻylagan. Aslida u Group of Seven – Yettilik guruhi iborasining qisqartmasi edi. Shunday qilib, bu xato keng yoyilgan va G8, G20 kabi birlashmalarga nisbatan ham qoʻllana boshlagan.
Odatda asliyatdan emas, rus tili vositasida tarjima qiladigan, koʻpincha ruscha manbalarga asoslanadigan matbuotimiz bunda ham ergashish yoʻlidan borgan va yuqoridagi kabi atamalarni Katta yettilik, Katta sakkizlik, Katta yigirmatalik deb qoʻllayvergan. Biroq hozir OAV bu iboralarni asliga mos shaklda ham ishlatyapti.
G7 – Group of Seven – Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSHdan iborat norasmiy xalqaro birlashma. Ushbu davlatlar rahbarlarining anjumanlari ham odatda shu nom bilan ataladi.
Jurnalistning birgina eʼtiborsizligi juda katta miqyosda yoyilgan xatoga olib keldi. Bu oʻrinda muharrir ham eʼtiborsizlik qilgan. Inglizcha qisqartmaning kengaytmasi qanday boʻlishini manbalarga qarab solishtirib koʻrmagan.
Tarjimaning asliyatga yuz foiz mos boʻlishi aksariyat hollarda imkonsiz va bunga urinish ham oʻzini oqlamaydi. Chunki mazmun-mohiyatning yoʻqolishi, asliyatdagi kommunikativ maqsad tarjimada amalga oshmasligiga olib keladi. Zamonaviy tarjimashunoslikda tarjimaning aynanligiga emas, adekvatligi yoki ekvivalentligiga eʼtibor qaratiladi. Toʻgʻri, tarjimaning adekvatligi va ekvivalentligi masalasida turli qarashlar bor va ayrim oʻrinlarda ular farqlanadi ham. Lekin ularning bari tarjimaning mohiyati, uning sifatini belgilashga qaratilgan. Tarjima muharriri tarjimaning toʻlaqonli ekani, asliyatdagi mazmun-mohiyat oʻgirilgan matnda toʻliq aks etgan-etmaganini tekshirar ekan, oʻz-oʻzidan tarjimaning adekvatligi va ekvivalentligini baholaydi.
Tarjimaning adekvatligi masalasi tarjima nazariyasining bosh masalalaridan biri. Adekvat tarjima atamasi oʻtgan asrning 60-yillaridayoq isteʼmolga kirgan. Olimlar I. I. Revzin va V. Y. Rozensveyg bu atamani “toʻlaqonli tarjima” deb tushuntirgan va bunda asliyatdagi mazmunni toʻkis va bir xil vositalar bilan berishni nazarda tutgan (20, 68). Tarjimaning adekvatligi deganda uning asliyatga uslubiy va mazmuniy monand boʻlishi tushuniladi (8, 74). Asl nusxani toʻliq aks ettiruvchi, unga muvofiq va u bilan tenglashadigan tarjima adekvat tarjimadir (8, 8). Tadqiqotchilar adekvatlikni tarjima uchun eng mos yechimlarni topish usuli va jarayoni deb hisoblaydi. Ana shu jarayon natijasida ekvivalentlik yuzaga keladi (24, 176).
Ingliz tarjimashunosi J. Ketford tarjimani “bir tildagi matnni boshqa tildagi muqobil matn bilan almashtirish” deb tushuntirsa, amerikalik tadqiqotchi Y. Nayda tarjima asliyatga “eng yaqin tabiiy muqobil” ekanini aytadi (16, 118). Bu ikki fikr tarjimaning ekvivalentligi uning sifatini belgilab beruvchi jihatligiga urgʻu beryapti.
Gʻaybulloh as-Salom tarjima jarayonining mohiyati asl nusxada aks etgan shakl bilan mazmunning birligini, yaxlitligini saqlash uchun boʻlak tildan muqobil vositalar qidirib topishda ekanini taʼkidlaydi. Asl nusxa mazmunini boshqa tilda berishning mavjud bir nechta imkoniyatlari orasida eng muqobil va muvofiq variantini tanlash ham adekvat tarjimaning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Ana shu muqobil til vositalarini qidirib topish va muvofiq variant tanlash ijodiy xarakterga ega boʻlib, tarjima qiluvchi kishi, yaʼni tarjimondan ongli mehnatni talab etadi (7, 150).
Tarjimaning ekvivalentligi, yaʼni muqobilligi asliyat tili va tarjima tilining bir-biriga muqobillik munosabatida boʻlishini anglatadi. Taniqli rus tarjimashunosi L. S. Barxudarov fikricha, “asliyat tilidagi matnni tarjima tilidagi matn bilan almashtirganda muayyan invariant saqlanishi kerak. Ana shu invariantni saqlash meʼyori tarjimaning asliyatga ekvivalentligi meʼyorini belgilab beradi” (12, 9). Boshqa bir tarjimashunos L. K. Latishevning fikri ham shunga hamohang: “Invariant – oʻgirishdan soʻng ifodada oʻzgarmay qolgan narsadir. U barcha variantlardagi umumiylikdir” (18, 66). Yaʼni asliyatda bor narsa tarjima tilida ham aks etsa, ekvivalentlikka erishiladi. Ikkisi uchun umumiy boʻlgan jihatlar, mazmun-mohiyat invariantdir.
Atoqli rus tarjimashunosi V. N. Komissarov fikricha, adekvat tarjima maʼlum maʼnoda ekvivalentlikka ega boʻladi, biroq ekvivalent tarjima adekvat boʻlmasligi mumkin (16, 113).
Gʻaybulloh as-Salom asliyat va tarjima tili bir-biri bilan teng boʻlmasligini, ikki tilning lisoniy imkoniyatlari bir-biriga “ekvivalentlik” holatida turmasligini taʼkidlaydi: “Shu sababdan koʻr-koʻrona tarjima qilish mumkin emas. Soʻzlarning aniq mazmuni bilan estetik sifatlari oʻzaro bir-birining oʻrnini qoplay olmaydi. Shuning uchun ham tekstning tili qanchalik sermaʼno, badiiy tarafdan serjilo boʻlsa, tarjima shunchalik qiyinlashadi” (7, 50).
Tadqiqotchi N. V. Shamova adekvat tarjimaga qoʻyiladigan talablar ekvivalent tarjimaga qoʻyiladigan talablardan pastroq, degan fikrni ilgari suradi: “Ekvivalent tarjima – ekvivalentning barcha koʻrinishlari aks etgan tarjima. Adekvat tarjimada esa tarjimon tarjima maqsadi va qabul qiluvchi (adresat) xarakteridan kelib chiqib, faqat denotativ ekvivalentlikka amal qiladi, ekvivalentlikning boshqa koʻrinishlarini eʼtiborga olmaydi” (24, 179). Denotativ ekvivalentlik deganda asliyatdagi va tarjimadagi matnning fakt va mantiq jihatidan bir xil darajada ekani nazarda tutiladi. Demak, bunday tarjima matnining asosiy xususiyati unda mazmun yetakchilik qiladi. Voqea-hodislar, narsa-buyumlar haqidagi axborot va mantiqiy ketma-ketlik birlamchi sanaladi.
Tarjimashunoslar turli talqinlarni ilgari sursa-da, tarjima alaloqibat asliyatning maʼno-mazmunini imkon qadar toʻliqroq yetkazib berishi kerakligi borasida yakdildir. Bu tahrir nuqtayi nazaridan ham toʻgʻri. Muharrir tarjima matnini tahrir qilayotganda uning asliyatga mosligini tekshiribgina qolmasdan, uning toʻkis mazmunga egaligi, til tabiatiga mosligi va koʻzlangan maqsadga xizmat qilayotgani yoki yoʻqligiga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur.
V. N. Komissarov ekvivalentlikni besh xil turga boʻladi. Tarjimashunos birinchi tur haqida gapirar ekan, u asliyatdagi kommunikativ maqsadga ega qismnigina saqlab qolishga qaratilishini taʼkidlaydi (17, 52). Olim misol keltirgan “She lifted her nose up in the air” jumlasiga eʼtibor qarataylik. Uni soʻzma-soʻz tarjima qilsak, “U burnini tepaga koʻtardi” degan jumla hosil boʻladi. Lekin bu gapdan koʻzlangan kommunikativ maqsad bunday emas, asliyatda jirkanib, past nazar bilan qarash maʼnosi ifodalangan. Demak, uni “U jirkanib qaradi” yoki “U nafrat bilan boqdi” deyish koʻzlangan maʼnoni beradi.
Ekvivalentning ikkinchi turida asliyat va tarjimaning umumiy qismi nafaqat kommunikatsiyaning bir xil maqsadiga xizmat qiladi, balki tildan tashqaridagi bir xil vaziyatni ham aks ettiradi. Masalan, “He answered the telephone” jumlasini “U telefonga javob berdi” deb oʻgirish mumkin. Lekin bu ifoda til tabiatiga mos emas. Chunki telefonga javob berilmaydi. Telefon orqali javob berilishi yoki suhbatlashilishi mumkin. Bu oʻrinda “U goʻshakni koʻtardi” deb oʻgirish mantiqan toʻgʻri. Ushbu jumlada kommunikativ maqsad amalga oshishidan tashqari vaziyat ham oʻz ifodasini topgan. Kishi telefon orqali kimgadir javob berishi yoki suhbatni boshlashi uchun telefon goʻshagini koʻtarishi kerak.
Muqobillikning uchinchi turida leksik tarkib va sintaktik tuzilishda parallellik kuzatilmaydi, asliyat va tarjima strukturasini sintaktik transformatsiya munosabati orqali bogʻlab boʻlmaydi, asliyatdagi vaziyatning kommunikativ maqsadi va aynanligi saqlanadi, asliyatdagi vaziyatni tushunishga yordam beradigan umumiy tushunchalar saqlanadi. Bunday ekvivalentlikda baʼzan asliyatdagi eksplitsit (ochiq aytilgan) maʼlumotlar tarjimada implitsit (ochiq aytilmagan, lekin oʻquvchi oʻzi chaqib oladigan mazmunga ega) maʼlumotga aylansa, baʼzan aksi kuzatiladi. Bunda matnning umumiy mazmuni va maʼno talabidan kelib chiqiladi. Masalan, olim keltirgan “London saw a cold winter last year” jumlasiga eʼtibor qaratsak. Agar bu jumlani asliyatdagi sintaksisga va soʻzlarning maʼnosiga mos tarjima qilsak, “London oʻtgan yili sovuq qishni koʻrdi” jumlasi paydo boʻladi. Lekin bu jumla oʻzbek tili tabiatiga begona, ifoda tarzi oʻzbekcha emas. Demak, asliyatdagi leksik tarkib (soʻzlar tarkibi) va sintaktik tuzilish (gap qurilishi)dan uzoqlashishga, asliyatdagi maʼnoga mos, lekin undan soʻzlari va tuzilishiga koʻra farq qiladigan jumla tuzishga toʻgʻri keladi: “Oʻtgan yili Londonda qish sovuq boʻldi”. Tarjimonlar koʻpincha ana shu turdagi ekvivalentlikni topishda qiyinchiliklarga duch keladi va xatoga yoʻl qoʻyadi. Muharrir bunday holatlarga diqqatli boʻlishi, gap bor-u, maʼno yoʻq oʻrinlarga asliyatga mos maʼno-mazmunni kirita olishi kerak.
Ekvivalentlikning toʻrtinchi turida uchinchi turdagi xususiyatlar bilan birga tarjimada asliyatdagi sintaktik tuzilishlar maʼnosi ham bir qadar saqlanadi.
V. N. Komissarov ekvivalentning beshinchi turida asliyat va tarjimaning maksimal yaqinligi kuzatilishini taʼkidlaydi. Bunday yaqinlik darajasi koʻpincha bir oilaga mansub va leksik-grammatik xususiyatlari oʻxshash boʻlgan tillarda kuzatiladi. Ingliz va oʻzbek tillarida bunday yaqinlik darajasi noyobdir. Buni yuqorida soʻz darajasidagi tarjimalarda ham koʻrgandik. Masalan, ingliz tilidagi “I saw him at the theatre” jumlasi ruschaga “Я видел его в театре” deb tarjima qilinadi. Bunda gap strukturasi ikki tilda birga bir darajada mos. Lekin oʻzbekchada bunday emas: “Men uni teatrda koʻrdim”. Oʻzbekchada kesim odatda gap oxirida keladi. Mabodo inglizcha tartibda beradigan boʻlsak, bu til tabiatiga ters boʻladi va oʻquvchida (retseptorda) tarjimadan qoniqmaslik hissini paydo qiladi: “Men koʻrdim uni teatrda”. Bu oʻrinda inglizchadagi at predlogi ruschaga v predlogi shaklida tarjima qilinyapti va u soʻzdan oldin kelgan. Oʻzbek tilida bu maʼnoni predlog emas, suffiks -da beryapti. Oʻzbekchada uni soʻzdan oldin qoʻllash mutlaqo imkonsiz va maʼnoga ega emas.
Tarjimon matnning turi va uslubiga qarab tarjima strategiyasini belgilaydi. Muharrir ham xuddi shu prinsip boʻyicha ishlashi kerak. Aks holda, tarjimadan koʻzlangan maqsad amalga oshmaydi va oʻquvchi (retseptor) kutilgan darajada maʼlumot olmaydi yoki taʼsirlanmaydi. Deylik, badiiy adabiyot tarjimasi yoki tahriri bilan ilmiy matn tarjimasi va tahriri oʻrtasida katta farq bor. Bunday matnlarni tahrir qilishda qanday oʻziga xosliklar mavjud boʻlsa, bu tarjima matnlariga ham tatbiq etiladi. Odatda tarjimonlar bir yoki bir necha yoʻnalishdagi matnlarni oʻgirishga ixtisoslashadi. Bu holat tahrir ishida ham koʻzga tashlanadi. Agar muharrir oʻzi ixtisoslashmagan yoki kam bilim-tajribaga ega boʻlgan sohaga oid matnni tahrir qilsa, katta qiyinchilikka uchraydi va xatoga yoʻl qoʻyish yoki xatoni oʻtkazib yuborish ehtimoli oshadi.
Tarjima matnlarining ekvivalentligi haqida gap borar ekan, bunday matnlar tahririda retseptor, yaʼni shu matnni qabul qiluvchi auditoriyani hisobga olish ham muhimdir. Chunki har qanday tarjima va ommaviy matn alaloqibat maʼlum bir auditoriya uchundir. Demak, koʻp oʻrinlarda auditoriyaning yoshi, saviyasi, ijtimoiy holati, kasbi, ruhiyati kabi jihatlarni eʼtibordan qochirmaslik zarur. Masalan, koʻkrak suti bilan boqishning afzalliklari, uning ona va bola salomatligiga taʼsiri haqida matn bor. Avvalo matnning oʻzi maqsadli auditoriya uchun yozilishi kerak. Uning tarjimasi va tahririda ham retseptorning xususiyatlari hisobga olinadi. Deylik, xuddi shu mavzudagi matn tibbiyot mutaxassislari uchun boʻlsa, u atamalar, fanga oid tushunchalar, ilmiy va bir qadar murakkab til bilan beriladi. Ammo u yosh onalarga moʻljallangan boʻlsa, matn imkon qadar sodda va tushunarli boʻlishi, oʻquvchida tushunmovchilik paydo qilmasligi zarur. Chunki tibbiy atamalar va tushunchalarni mutaxassis boʻlmagan retseptor anglamasligi, natijada matndan koʻzlangan kommunikativ maqsad amalga oshmasligi ehtimoli oshadi. Mabodo tarjimon shunday xatolarga yoʻl qoʻyadigan boʻlsa, muharrir bu kamchilikni oʻz oʻrnida tuzatishi, matnni auditoriya uchun moslashi kerak.
Deyarli barcha tarjimashunos olimlar asliyatdagi matnni toʻlaqonli, yuz foizli tarjima qilish imkonsizligini qayd etadi. Hatto baʼzi olimlar tarjima imkonsizligi nazariyasini ham ilgari suradi. Bunday qarash egalariga koʻra, baʼzi tillar “rivojlangan”, “sivilizatsiyalashgan”, boshqalari “rivojlanmagan”, “qotib qolgan”, “qoloq” (12, 18) boʻlgani uchun tarjima imkonsizdir. Biroq hayotning oʻzi bu qarash toʻgʻri emasligini isbotlayapti. Tarjima ming yillardan beri turli shakl va koʻrinishlarda yashab kelyapti. Zamonaviy tarjimashunoslik uchun ham bunday qarash allaqachon eskirib ulgurdi.
Garchi hech bir til boshqa tilni birga bir shaklda inʼikos etmasa-da, oʻz leksik va grammatik xususiyatlari bilan asliyatdagi maʼnoni ifodalashga, tillar oʻrtasida kommunikatsiya oʻrnatishga qodir. Albatta, baʼzi adabiy shakllar, madaniyat, tarix va urf-odatlarga bogʻliq tushunchalar, ayrim realiyalarni tarjimada ifodalash imkonsizligi koʻp isbotlangan. Biroq baʼzida oddiy jumlalarni oʻgirishda ham muammolar yuzaga kelishi mumkin. Tarjimashunos V. N. Komissarov bunga misol qilib “The student is reading a book” jumlasini keltiradi. Bu jumla odatda “Talaba kitob oʻqiyapti” deb tarjima qilinadi va buni koʻpchilik normal qabul qiladi. Lekin tarjimada originaldagi maʼno-mazmun toʻliq aks etmagan. Ingliz tilida talaba soʻzlovchiga tanish ekani, u oʻqiyotgan kitob esa notanish ekani maʼnosi bor (16, 117). Demak, tarjimada maʼno bir qadar yoʻqotilyapti. Lekin bu tarjimaning kommunikativ vazifasi bajarilishiga toʻsqinlik qila olayotgani yoʻq. U asliyatdagi bosh mazmunni, jumlaning mohiyatini yetkazib bera olyapti.
Xulosa. Tarjima muharriri matndagi noqisliklarni koʻra olishi uchun chet tilini ham, oʻz tilini ham puxta, chuqur bilishi kerak. Qaysi oʻrinda fonema (grafema), morfema, soʻz, soʻz birikmasi, jumla yoki yaxlit matn tarjimasi talab etilayotganini asliyat va oʻz tili talablaridan, tabiatidan kelib chiqib belgilashi zarur. Asosiy maqsad asliyatga birga bir moslik emas, uning maʼno-mazmuni, mohiyatiga eng yaqin darajadagi muqobillikdir. Retseptor, yaʼni oʻquvchi, tinglovchi yoki tomoshabin tarjima matnni toʻlaqonli tushunmasa, asliyatdagi mazmunni anglamasa, matndan koʻzlangan kommunikativ maqsad amalga oshmaydi. Bu esa tarjimaning muvaffaqiyatsizligidir.
Tarjima jarayonida asosiy ishni tarjimon bajaradi. Agar tarjima sifatsiz boʻlsa, hatto muharrir tekshiruvidan keyin ham matndagi asoratlar saqlanib qolishi mumkin. Demak, yuqorida sanab oʻtilgan turli darajalardagi tarjima birliklarini toʻlaqonli tarjima qilish talabi avvalo tarjimonga qoʻyiladi. Shu bilan birga, “tarjimonga qoʻyiladigan tarjimaga kommunikativ-funksional yondashish talabi muharrirga ham toʻliq tatbiq etilishi kerak” (22, 153).
Bizningcha, tarjimon ham, muharrir ham bir jihatga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur: asliyat tilidagi barcha xususiyatni tarjima tilida aks ettirishga har doim ham ehtiyoj boʻlavermaydi. Eng muhimi kommunikativ maqsad amalga oshishi, mazmun-mohiyatni berish, ekvivalentlikka erishish boʻlishi zarur.
Tarjima tahririda malaka va salohiyatga ega boʻlish uchun tahrir amaliyotining oʻzi yetarli emas. Tarjima muharriri tarjimonlik bilan ham shugʻullanishi zarur. Ana shundagina u bu sohaning sir-asrorlarini keng oʻrganadi, katta tajriba orttirib, mehnat bozorida talabgir kadrga aylanadi.
Tarjima tahriri sohasida qilinadigan ishlar hali koʻp. Bu yoʻnalishda oʻzbekcha kitob yoki qoʻllanma mavjud emas. Sifatli, mavzuning asosiy jihatlarini qamrab olgan qoʻllanma yaratish zarur. Xorijiy joy nomlari, atoqli otlar va oʻzlashmalarni transkripsiya va transliteratsiya qilish qoidalari ishlab chiqilishi kerak. Shundagina tarjimon yoki muharrir maʼlum bir ilmiy asosga ega boʻladi. Soʻng ushbu qoida va yoʻriqlar keng jamoatchilik, ziyolilar orasida ommalashtirilishi talab etiladi. Ommalashtirish, umumqoʻllov boʻlmasa, imlodagi turfaxillik va chalkashliklar davom etaveradi.
Tarjimonlik va jurnalistika sohasida taʼlim olayotgan talabalar uchun tarjima matnlar tahriri boʻyicha darslar oʻtilishi, mavzuning mohiyati hayotiy misollar bilan tushuntirilib, amaliyot bilan mustahkamlanishi zarur. Shunda bu borada sezilarli siljishga erishish mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Ashurov Sh. S. Ingliz va oʻzbek tillaridagi internatsional maqollar tarjimasidagi assimetrik holatlar // Молодой учёный. – 2020. – № 18 (308) – 584–586-b.
- Charlzmi yoki Karl: qaysi biri muqobil? (Elektron manba) // Azon.uz nashri. – URL: https://azon.uz/content/views/charlzmi-yoki-karl-qaysi-biri-muqobil (murojaat vaqti: 05.03.2023).
- Ibrohim Gʻafurov bilan intervyu. Badiiy tarjima nusxa koʻchirish emas // Oʻzbekistonda xorijiytillar. – 2015. – № 3 (7). – 31–37-b.
- Isaac Newton (Elektron manba) // Vikipediya. Ochiq ensiklopediya. – URL: https://uz.wikipedia.org/wiki/Isaac_Newton (murojaat vaqti: 07.03.2023).
- Oʻzbek tilining izohli lugʻati / E. Begmatov va boshqalar tahriri ostida: 5 jildli. 4-jild – Toshkent: OʻzME, 2020. – 608 b.
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi / 12 jildli. 10-jild – Toshkent: OʻzME, 2005. – 656 b.
- Salomov Gʻ. Tarjima nazariyasiga kirish. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1978. – 220
- Sodiqov Z., Abdurahmonova D. Tarjimashunoslik terminlarining koʻptilli lugʻat-maʼlumotnomasi. – Namangan: Namangan davlat universiteti, 2013. – 128 b.
- Tarjima nazariyasi: Oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻlIanma. I.Gʻofurov, O, Moʻminov, N.Qambarov. – Toshkent : Tafakkur-Boʻstoni, 2012. 216 b.
- Tarjimada kognitiv dissonans muammosi // Xorijiy filologiya. – 2019. – №1. – 24–38-b.
- Tolib O. Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi. (Elektron manba) // uz. – URL: https://oriftolib.uz/3805 (murojaat vaqti: 09.01.2023).
- Бархударов Л. С Язык и перевод (Вопросы общей и частной теории перевода) (Книга). – Москва: Международные отношения, 1975. – 240 c.
- Большая семёрка (Электроный источник)// Википедия. Свободная энциклопедия. – URL: https://ru.wikipedia.org/wiki/Большая_семёрка (дата обращения: 13.12.2022).
- Вопияшина С. М., Мурдускина О. В. Обучение редактированию перевода как способ повышения качества подготовки лингвистов-переводчиков // БГЖ. – 2016. – №4 (17). – С. 176–179.
- Зверева Н. С. Роль редактирования в процессе перевода // Полилингвиальность и транскультурные практики. – 2009. – №2. – С. 115–120.
- Комиссаров В. Н. Современное переводоведение. Курс лекций. (Книга). – Москва: ЭТС, 1999. – 192 c.
- Комиссаров В.Н. Теория перевода (лингвистические аспекты): Учебник для институтов и факультетов иностранных языков. – Москва: Высшая школа, 1990. – 253 с.
- Латышев Л.К. Курс перевода: Эквивалентность перевода и способы ее достижения. – М., 1981. – 248 с.
- Насруллаева Т. С. Эквивалентность и адекватность перевода научно-технических текстов // Экономика и социум – 2021 – №1(80). – С. 274–280.
- Ревзин И. И., Розенцвейг В. Ю. Основы общего и машинного перевода. – М., 1964. – 244 с.
- Редактирование письменных переводов: теория и практика: учеб.-метод. пособие / Е. А. Березовская, А. О. Ильнер [под общ. ред. Л. И. Корнеевой]. – Министерство науки и высшего образования Рос. Федерации, Урал. федер. ун-т. – Екатеринбург: Изд-во Урал. ун-та, 2019. – 135 с.
- Сдобников В. В. Принципы профессионального редактирования переводов // Вестник ВГУ. Серия: Лингвистика и межкультурная коммуникация. – 2018 – №2. – С. 152–156.
- Словарь географических названий зарубежных стран [сост. Л. И. Аненберг и др.]. – Москва: Недра. – 1986. – 296 c.
- Шамова Н.В. Разграничение понятий “эквивалентность” и “адекватность” в переводе // Вестник Московского университета. Серия 19. Лингвистика и межкультурная коммуникация. – 2005. – №2. – С. 171–180.
- Щетинкова О. Г. Использование алгоритмов в процессе редактирования текста перевода // Вестник ПНИПУ. Проблемы языкознания и педагогики. – 2015. – №2 (12). – С. 37–42.
References
- Ashurov Sh. S. Ingliz va oʻzbek tillaridagi internatsional maqollar tarjimasidagi assimetrik holatlar // Molodoj uchyonyj. – 2020. – № 18 (308) – pp. 584–586. (In Uzbek).
- Charlzmi yoki Karl: qaysi biri muqobil? (Elektron manba) // Azon.uz nashri. – URL: https://azon.uz/content/views/charlzmi-yoki-karl-qaysi-biri-muqobil (accessed 05.03.2023). (In Uzbek).
- Ibrohim Gʻafurov bilan intervyu. Badiiy tarjima nusxa koʻchirish emas // Oʻzbekistonda xorijiy tillar. – 2015. – № 3 (7). – 31–37-b. (In Uzbek).
- Isaac Newton (Elektron manba) // Vikipediya. Ochiq ensiklopediya. – URL: https://uz.wikipedia.org/wiki/Isaac_Newton (accessed 07.03.2023). (In Uzbek).
- Oʻzbek tilining izohli lugʻati / E. Begmatov va boshqalar tahriri ostida: 5 jildli. 4-jild – Toshkent: OʻzME, 2020. – 608 p. (In Uzbek).
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi / 12 jildli. 10-jild – Toshkent: OʻzME, 2005. – 656 p.
- Salomov Gʻ. Tarjima nazariyasiga kirish. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1978. – 220 p. (In Uzbek).
- Sodiqov Z., Abdurahmonova D. Tarjimashunoslik terminlarining koʻptilli lugʻat-maʼlumotnomasi. – Namangan: Namangan davlat universiteti, 2013. – 128 p. (In Uzbek).
- Tarjima nazariyasi: Oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻlIanma. I.Gʻofurov, O, Moʻminov, N.Qambarov. – Toshkent : Tafakkur-Boʻstoni, 2012. 216 p. (In Uzbek).
- Tarjimada kognitiv dissonans muammosi // Xorijiy filologiya. – 2019. – №1. – pp. 24–38.
- Tolib O. Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi. (Elektron manba) // oriftolib.uz. – URL: https://oriftolib.uz/3805 (accessed 09.01.2023). (In Uzbek).
- Barhudarov L. S Yazyk i perevod (Voprosy obshchej i chastnoj teorii perevoda) (Kniga). – Moskva : Mezhdunarodnye otnosheniya, 1975. – 240 p. (In Russian).
- Bol’shaya semyorka (Ehlektronyj istochnik) // Vikipediya. Svobodnaya ehnciklopediya. – URL: https://ru.wikipedia.org/wiki/Bol’shaya_semyorka (accessed 13.12.2022). (In Russian).
- Vopiyashina S. M., Murduskina O. V. Obuchenie redaktirovaniyu perevoda kak sposob povysheniya kachestva podgotovki lingvistov-perevodchikov // BGZH. – 2016. – №4 (17). – pp. 176–179. (In Russian).
- Zvereva N. S. Rol’ redaktirovaniya v processe perevoda // Polilingvial’nost’ i transkul’turnye praktiki. – 2009. – №2. – pp. 115–120. (In Russian).
- Komissarov V. N. Sovremennoe perevodovedenie. Kurs lekcij. (Kniga). – Moskva : EHTS, 1999. – 192 p. (In Russian).
- Komissarov V. N. Teoriya perevoda (lingvisticheskie aspekty): Uchebnik dlya institutov i fakul’tetov inostrannykh yazykov. – Moskva: Vysshaya shkola, 1990. – 253 p. (In Russian).
- Latyshev L. K. Kurs perevoda: Ehkvivalentnost’ perevoda i sposoby ee dostizheniya. – M., 1981. – 248 p. (In Russian).
- Nasrullaeva T. S. Ehkvivalentnost’ i adekvatnost’ perevoda nauchno-tekhnicheskikh tekstov // Ehkonomika i socium – 2021 – №1(80). – pp. 274–280. (In Russian).
- Revzin I. I., Rozencvejg V. YU. Osnovy obshchego i mashinnogo perevoda. – M., 1964. – 244 p. (In Russian).
- Sdobnikov V. V. Principy professional’nogo redaktirovaniya perevodov // Vestnik VGU. Seriya: Lingvistika i mezhkul’turnaya kommunikaciya. – 2018 – №2. – pp. 152–156. (In Russian).
- Redaktirovanie pis’mennyh perevodov: teoriya i praktika: ucheb.-metod. posobie / E. A. Berezovskaya, A. O. Il’ner [pod obshch. red. L. I. Korneevoj]. – Ministerstvo nauki i vysshego obrazovaniya Ros. Federacii, Ural. feder. un-t. – Ekaterinburg: Izd-vo Ural. un-ta, 2019. – 135 p. (In Russian).
- Slovar’ geograficheskikh nazvanij zarubezhnykh stran [sost. L. I. Anenberg i dr.]. – Moskva: Nedra. – 1986. – 296 p. (In Russian).
- Shamova N. V. Razgranichenie ponyatij “ehkvivalentnost’” i “adekvatnost’” v perevode // Vestnik Moskovskogo universiteta. Seriya 19. Lingvistika i mezhkul’turnaya kommunikaciya. – 2005. – №2. – pp. 171–180. (In Russian).
- Shchetinkova O. G. Ispol’zovanie algoritmov v processe redaktirovaniya teksta perevoda // Vestnik PNIPU. Problemy yazykoznaniya i pedagogiki. – 2015. – №2 (12). – pp. 37–42. (In Russian).
“Oʻzbekistonda xorijiy tillar” elektron jurnalining 2023-yil 2-sonida chop etilgan.