Irodaga kuch beradigan asarlar

Irodaga kuch beradigan asarlar

Oʻquvchilik yillarimda “Shkid Respublikasi”[1] degan kitob oʻqigandim. Mualliflari – Grigoriy Beliy va Leonid Panteleyev. Unda tarbiyasi ogʻir bolalar va ularning oʻz hayot yoʻllarini qanday topganlari haqida hikoya qilinadi. Mualliflarning oʻzi shunday maxsus maktab-internatlarda taʼlim olgan. Kitob menda juda katta taassurot qoldirgan.

Shu maqolachani yozish jarayonida Vikipediyadan oʻqib bildim, asar qogʻozga tushganda Beliy yigirma yoshga qadam qoʻygan, Panteleyev oʻn sakkiz yoshda boʻlgan ekan. Kitob 1927-yilda nashr etiladi va katta shuhrat qozonadi. 1935-yili Grigoriy Beliy aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, uch yilga hukm qilinadi va 1938-yili surgunda sildan vafot etadi. Shundan soʻng asar qayta nashr etilmay qoʻyadi.

Sovetlar eng isteʼdodlari farzandlaridan ana shunday dushman yasab, ularni jismonan mahv etdi. Aslida, oʻzini, kelajagini, kuchini mahv etdi.

Shunday qilib, bu qissa 1960-yillargacha qayta bosilmaydi. 1966-yilda esa Gennadiy Poloka rejissyorligida ekranlashtiriladi. Ushbu asar 2013-yili rossiyalik oʻquvchilar oʻqishi uchun tavsiya etilgan 100 kitob qatoriga kiritildi.

Mashhur pedagog va yozuvchi Anton Makarenkoning “Pedagogik poema”[2]
asari ham xuddi shunday katta taʼsir koʻrsatgandi menga. Unda ham tarbiyasi ogʻir bolalar qanday qilib kasb-hunarli, bilimli bolalarga aylangani hikoya qiladi. Bu kitob ham “Shkid Respublikasi” singari real voqealarga asoslangan. Mutolaa jarayonida insonning ulugʻ qalbi, mahorati, bolalarga mehr-shafqati qanaqa kuchga ega ekaniga yana bir karra amin boʻlasiz.

Yuqoridagi asarlar sovet davri hayoti haqida, nuqsi sezilib turadi. Lekin katta mahorat bilan yozilgan. Ulardan bugungi kun oʻquvchisi ham juda koʻp ibrat olishi mumkin.

Bu asarlarni eslashimga hozirgina koʻrgan filmim – “Ron Klark qissasi” (ruschasi – “Triumf: Istoriya Rona Klarka”, asliyatda – “The Ron Clark Story”) sabab boʻldi. Bosh qahramon chekka qishloqdagi maktabni tashlab, Nyu Yorkka yoʻl oladi. Qoloq bir maktabda tarbiyasiz oʻquvchilarni “odam qilish”ga urinadi. Bu yoʻlda katta qiyinchiliklarga, izzat-nafsi toptalishiga bardosh beradi va oxir-oqibat niyatiga erishadi. Film barcha uchun, xususan oʻqituvchilikning zahmatkash yoʻlini tanlaganlar uchun ham, ota-onalar uchun ham birday ibrat boʻla oladi, deb oʻylayman.

Maqolaga nuqta qoʻyish oldidan, uznetdan oʻzbekcha maʼlumot qidirgandim, bir eʼtiborli sahifaga koʻzim tushdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev 2014-yili “Mashhur pedagog Ron Klarkning oʻz oʻquvchilari uchun ishlab chiqqan 55 qoidasi”ni oʻzbekchaga oʻgirgan ekan. Unda film haqida ham eslab oʻtilgan, yozilishicha, film oʻzbek tiliga ham tarjima qilinib, telekanallarimizda namoyish etilgan ekan.

Odamga kuch-gʻayrat va ilhom beradigan, shijoatini oshiradigan ana shunday kitoblarni koʻproq oʻqib, filmlarni koʻrib turish kerak. Ular juda koʻp. Biografik filmlarning aksariyati shunday – ibratli. Masalan, Uill Smit boʻlajak millioner Kris Gardner rolini oʻynagan “Baxt ortidan quvib” (ruschasi – “V pogone za schastyem”, asliyatda – “The Pursuit of Happyness”) filmi bunga mumtoz misol boʻla oladi.

Yuqorida tilga olingan badiiy va kino asarlarni sizga ham tavsiya etaman.

 

Orif Tolib

 


[1] Belix G., Panteleyev L. Shkid Respublikasi: Roman/. M. Mirzoidov tarjimasi. – T.: Yosh gvardiya,. 1973. – 402 b. (Ruschasini oʻqish)

[2] Makarenko, A. S. Pedagogik poema: Roman/. A. Xoʻjaxonov va O. Rahimiy tarjimasi. – T.: Oʻzdavnashr, 1956. – 723 bet. (Ruschasini oʻqish)

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube