Ishkom nima?

Ishkom nima?

Ishkom soʻzini izohli lugʻat shunday sharhlagan: toklarni koʻtarib qoʻyish, tarash, yoyish uchun poya va bagʻazlardan baland qilib qurilgan yoysimon soʻri; valish.

Izohda ishlatilgan bagʻaz soʻzi soʻri yoki ishkomning poyasiga koʻndalang bogʻlanadigan yogʻochlar, sim yoki temirni anglatadi.

 

Baland ishkomda uzumlar gʻarq pishib yotibdi.

H. Gʻulom, “Zamin yulduzlari”.

 

Ishkom soʻzi oʻrnida shevada valish, vayish soʻzlari ham ishlatiladi. Vodiy viloyatlarida asosan valish, Oʻzbekiston janubida, masalan, Surxondaryoda vayish qoʻllanadi.

 

Hovli unchalik katta emas, lekin atrofi qator uy, uylar ustigacha valish. To qirov tushguncha turli xil uzumlar sargʻayib, quyoshda tovlanib yotadi.

Gazetadan.

 

Ingichka xodachalarga omonatgina koʻtarilgan vayishlarning shoxlarini yaproqlar koʻmib yuborgan, toklar shoʻratok, gʻoʻratok ham qilinmagan edi.

S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi.

 

👉  Siz yashaydigan hududda ishkom nima deb ataladi?
Izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube