Islohtalab qoidalar: -ganda va vergul
Tinish belgilarini qoʻllash qoidalarida islohtalab oʻrinlar bor. Bizda eng koʻp suiisteʼmol qilinadigan tinish belgisi – vergul. Behuda qoʻllayveramiz. Tinish belgisi maʼno tashishi, uni qoʻllashdan koʻzlangan maqsad aniq-tiniq boʻlishi kerak. Agar mazmun talab qilsa, baʼzi oʻrinlarda qoidaga zid boʻlsa-da, tinish belgisini ishlatish mumkin. Lekin bunday holatlar juda kam uchraydi.
Umuman, tinish belgilarini qoʻllashdan maqsad – oʻquvchiga mazmunni toʻlaqonli yetkazib berishdir.
Nashrlarda tez-tez koʻzga tashlanadigan, hatto punktatsiya haqidagi qoʻllanmalarga qoida sifatida kirgan bir holatga eʼtibor qaratamiz. Mavjud tartibga koʻra, gapda -gan qoʻshimchasi bilan yasalgan va oʻrin-payt kelishigi qoʻshimchasini olgan sifatdoshlar oʻziga tobe soʻzlar bilan kengayib kelganda ulardan keyin vergul qoʻyiladi:
Yoz kelganda, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Men shu oʻrinda vergul mutlaqo ortiqcha deb hisoblayman. Nega? Vergul feʼllar bilan odatda ish-harakat ketma-ketligida, bir harakat ikkinchisidan keyin roʻy berishi anglashilgan holatlarda ishlatiladi:
Yoz kelgach, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Yoz kelib, taʼtil boshlansa, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Yuqoridagi ikki gapda bir harakatdan soʻng boshqasi amalga oshyapti. -ganda qoʻshimchali gap qurilishlarida bu holat kuzatilmaydi. Bunda bir paytdagi ish-harakat anglashiladi. Solishtiring:
Yozda sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Yoz kelganda sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Tepadagi ikki gapning mazmun-mohiyati bir xil. Yozda va yoz kelganda qachon? soʻrogʻiga javob boʻlyapti. Ish-harakat birinma-ketin emas. Endi -ganda qoʻshimchasi oʻrniga shu maʼnoni ifoda etuvchi soʻzni qoʻyib koʻramiz:
Yoz kelgan payt sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.
Bu gapda vergul kerak emasligi yaqqol koʻrinib turibdi. Uning qoʻshimchali shaklida ham vergul ortiqcha.
-ganda qoʻshimchali feʼldan keyin umuman vergul ishlatmaslik kerakmi? Yoʻq, vergul qoʻyiladigan bitta holat bor. Feʼl shart mazmunini ifodalganda vergul talab qiladi:
Agar hozir yoz boʻlganida, toqqa sayohatga chiqardik.
Nega bu oʻrinda vergul kerak? Chunki bu yerda bir harakat bajarilishi uchun boshqa harakat shart qilib qoʻyilyapti. Gapning hozirgi zamon shaklida ham vergul ishlatamiz:
Agar havolar isib ketib, yoz erta kelsa, toqqa sayohatga chiqamiz.
Punktuatsiya qoidalariga koʻra, shart maʼnosidagi qoʻshma gaplar vergul bilan ajratiladi.
Biz oʻrgangan misoldagiga oʻxshash holatlarda vergul ishlatilishi qatʼiy qoidaga aylanmagan. Juda koʻp nashriyotlar, gazeta-jurnallar, elektron nashrlar shunday bahsli oʻrinlarda oʻz qoidalariga amal qiladi. Bunday tartib koʻpincha muharrirlarning shaxsiy tanlovi, qarashlariga koʻra oʻrnatiladi. Bu esa qoidalar islohga muhtoj ekanining yana bir belgisidir.
Moʻʼjiza roʻy berib, lotin alifbosi islohi tez orada yakuniga yetsa, imlo va punktuatsiya qoidalarini, lugʻatlarni ham jiddiy koʻrib chiqish kerak. Bu jarayonda jamoatchilik, ayniqsa, mutaxassislarning fikri inobatga olinishi zarur.
Tilshunoslar, muharrir va musahhihlar, boshqa soha mutaxassislari bu borada oʻz taklif va mulohazalarini bildirsa, nur ustiga nur boʻlardi. Mutasaddilar va hurmatli olimlarimiz bunday fikrlarga xayrihohlik bilan yondashadilar degan umiddaman.
Orif Tolib