Ismlar imlosi: ruxmi yoki ruh?
Tarkibida rux soʻzi bor ismlar eng koʻp xato yoziladigan ismlardan.
Shohrux, Farrux, Gulrux kabi ismlarda rux oʻrniga ruh deb yozilishining eng asosiy sabablaridan biri shu ismlar tarkibidagi rux soʻzi hozirgi oʻzbek tilida deyarli ishlatilmasligidir. U fors tilidan kirgan boʻlib, asliyatda yuz, bet va yonoq maʼnolari bildiradi. Eski oʻzbek tilida kishining yuzi maʼnosida qoʻllangan:
Lablaring ostidagi xolingdin aylansun quling,
Loladek gul-gul ruxi olingdin aylansun quling.
Furqat.
Yuqoridagi baytda qoʻllangan ruxi ol qizil yuz maʼnosini bildiradi.
Rux soʻzining omonimlari esa bugungi tilimizda ozmi-koʻpmi isteʼmolda:
- Shaxmat oʻyinidagi toʻra, tikka va yonlama yura oladigan sipoh.
- Kimyoviy element, och yashil rangli metall.
Shohrux, Farrux, Gulrux ismlaridagi rux yuz, chehra maʼnosida.
Shohrux – shoh kabi yuzli, Farrux – baxtiyor yuzli, Gulrux – gul yuzli.
Shohruh – shohning ruhi, Farruh – baxtning ruhi, Gulruh – gulning ruhi boʻlib qoladi, mazmundan mantiq yoʻqoladi. Demak, bu shaklda yozish xato.
Shoxrux deb yozish ham xato. Shox-muguzning yuzi degan maʼnosiz iboraga aylanadi.
Ruxsora, Gulruxsor soʻzlarini ham x bilan yozish kerak. Ismlar tarkibidagi ruxsor yuz, chehra maʼnosini beradi.
Raxshona ismi ham baʼzida Ruhshona deb xato yoziladi. Raxshon forschada nurli, porloq, jiloli, jilvalanuvchi maʼnolarini bildiradi. Ruxshona Raxshona ismining fonetik oʻzgarishga uchragan shakli, uni xato demasak ham boʻladi. Ruxshona ismini tojikchada ham uchratish mumkin.
Ruhiddin ismi esa h bilan yozilishi kerak. Ism tarkibidagi ruh arabcha ruh, jon demakdir. Ruhiddin – dinning ruhi, joni, kuch-quvvati maʼnosida.
📌 Demak:
Shohrux, Farrux, Gulrux ✅
Shohruh, Shoxrux, Farruh, Gulruh ❌
Ruxsora,
Gulruxsor ✅
Ruhsora, Gulruhsor ❌
Raxshona ✅
Ruhshona ❌
Ruhiddin ✅
Ruxiddin ❌
Orif Tolib