Italyan xalq maqollari va matallaridan
Italyanlar – roman guruhiga mansub xalq. Italiyaning asosiy aholisi. Braziliya, Argentina, AQSH, Venesuela, Kanada, Fransiya, Peru va boshqa mamlakatlarda ham yashaydi. Italyan tilida soʻzlashadi. Umumiy adadi – 135 million atrofida.
- Aqlli odamning qoʻlidagi boʻhton dahshatli qurolga aylanadi.
- Bajarishni bilmagan buyurishni ham bilmaydi.
- Baxt uchun erkinlik va eng zarur narsalargina yetarli.
- Behuda kutishdan yomoni yoʻq.
- Birgina soʻz sabab bir asr janjallashish mumkin.
- Birov sen bilan odatdagidan koʻra xushmuoma boʻlib qolsa, demak seni aldabdi yoki endi aldamoqchi.
- Birovning nonidan achchiqroq narsa yoʻq.
- Boylik bekorchilarni hosil qiladi.
- Boshqaning ish-amalida adolat boʻlishini har kim istaydi.
- Buzilgan kemaga oʻngʻay shamolning foydasi yoʻq.
- Boʻri biyaga rahm qildi: dumi
bilan yolini qoldirdi. - Vaqtga xasis – eng yaxshi xasis.
- Vaqtida sotib olgan oʻn barobar arzonga oladi.
- Vaqtini topsang, sukut koʻp gapning maʼnosini beradi.
- Vaqtni sarflashning eng yaxshi yoʻli – mehnat.
- Yomon askardan yaxshi zobit chiqmaydi.
- Yomon bozorda yaxshi kiyim sotib ololmaysan.
- Yomon kitobdan yomonroq oʻgʻri yoʻq.
- Yomon namuna yuqumli boʻladi.
- Yomon xotinning eri yanada yomonroq boʻladi.
- Yongʻin payti har qanaqa suv asqotadi.
- Jazo sabab aqlliga aql qoʻshiladi, aqlsizdan aql ketadi.
- Ish kerak joyda soʻz bilan yordam berolmaysan.
- Ishlayotgan odam boʻkkunicha ovqatlanmaydi.
- Ishtaha – eng yaxshi ziravor.
- Katta oʻgʻrining oʻgʻriligiga ishonishmaydi.
- Kim xoʻjayin boʻlsa, oʻsha buyruq beradi.
- Kir gaplarga eng yaxshi javob – sukut.
- Koʻp gapiradigan koʻp narsaga erisha olmaydi.
- Koʻp ishlaydigan kam tanqid qiladi.
- Koʻp mehnat bilan qoʻlga kiritganingni yalqovlik sabab boy berasan.
- Koʻpincha eng muhim voqea-hodisalar arzimas sabablarga bogʻliq boʻlib qoladi.
- Qarzlar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib qolmaydi.
- Qonunlar jinoyatlarga qaraganda kam.
- Maqtashni bilmagan boshqarishni bilmaydi.
- Molni yerga uradi, ammo sotib oladi.
- Muhabbat va hokimiyat raqibni yomon koʻradi.
- Namuna qoidadan koʻra yaxshiroq.
- Odamning kimligi uch holatda koʻrinadi: gʻazablanganida, pulga va ichkilikka munosabatida.
- Ozgina yomgʻir bilan suronli shamol tinadi.
- Omoch tortishni istamayotgan hoʻkizga hushtak bilan yordam bera olmaysan.
- Ortiqchasi – zararli.
- Oxiriga yetgan doʻstlik hech qachon haqiqiy boʻlmagan.
- Ochkoʻzlik sabab urushdagidan koʻproq odam oʻladi.
- Pul bilan hamma narsaga erishish mumkin deb biladigan odam pul uchun hamma narsaga tayyor boʻladi.
- Puling bor boʻlsa, ishlaging kelmaydi.
- Sababsiz kulgi – ahmoqlikdan belgi.
- Sabr, vaqt va pul hamma narsani yengib oʻtadi.
- Sevib sevilmaslik vaqtni yoʻqotishdan boshqa narsa emas.
- Senga nasib qiladiganni hech kim tortib ololmaydi.
- Sogʻ odamning kasalga maslahat berishi – oson.
- Soʻralmagan maslahatlar oson beriladi.
- Sustlikdan yalqovlikkacha bir qadam.
- Tavakkal – fazilatli ish.
- Tan olingan xato haqiqatga yetaklaydi.
- Tanlashni bilmagan ishni yaxshi uddalay olmaydi.
- Tejamkorlik – eng yaxshi boylik.
- Tez ishonadigan odamning hafsalasi tez pir boʻladi.
- Tinchlik istasang – urushga hozir boʻl.
- Toza suv olmoqchi boʻlsang, buloqning oʻziga bor.
- Oʻzi uchun ishlagan uch kishining ishini qiladi.
- Oʻzi hech narsaga arzimaydi, lekin tillo xotin istaydi.
- Uka – meniki, lekin uning aqli – oʻziniki.
- Uquvli boʻlsang, toshdan ham pul qilasan.
- Oʻliklarga shamning keragi yoʻq.
- Uning ustidan birovlar ish koʻradigan odamning holiga voy.
- Oʻtmishi bilan yashaydigan odam tushkunlikdan oʻladi.
- Uxlab qolgan baliq tutolmaydi.
- Uyatchan dasturxondan och turadi.
- Faqat aqlsiz odamgina aqlsizlarcha sevishi mumkin.
- Fikrdan soliq olinmaydi.
- Xoʻjayini ahmoq boʻlsa, mushugini ayblamang.
- Xoʻjayinsiz uy – yetim.
- Xoʻroz jim turib, makiyon qichqiradigan katak dunyoda yoʻq.
- Haddan ortiq mehribon onalar tantiq qizlarni voyaga yetkazadilar.
- Haqiqat kam hollarda haqiqatga oʻxshab koʻrinadi.
- Hamma ilm ham yaxshilikka olib boravermaydi.
- Hammaga tegishli boʻlgan narsa hech kimga tegishli emas.
- Hammamiz oʻlimga qadar yashaymiz.
- Har qanday qoidaning istisnolari boʻladi.
- Har qanday yangilik uch kunda eskiradi.
- Hasaddan hech kim sugʻurtalanmagan.
- Hasadning koʻzlari katta.
- Hatto uchiga chiqqan muttahamni ham aldash mumkin.
- Hatto chivinni ham gʻazablantirish mumkin.
- Hech kim aybni oʻziga olgisi kelmaydi.
- Hech kim oʻzida yoʻq narsani bera olmaydi.
- Chanqoq buyursa, har qanday suvni ichasan.
- Chiroyli kiyim tavsiyanomaday gap.
- Choʻkayotgan kemada hamma dargʻa.
- Eski ilm yangi mevalar beradi.
- Ehtiyoj bayramni bilmaydi.
- Ehtiyoj uyatni quvadi.
- Ehtiyojning oʻz qonuni bor.
- Yuzingga gapirgan sotqin emas.
- Yangi ishga yangi odamlar kerak.
- Yaxshi tovar oʻzini oʻzi maqtaydi.
- Yaxshi erning xotini ham yomon boʻlmaydi.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.