Izm va izn: farqi nimada?

Izm va izn: farqi nimada?

Talaffuzi yaqin soʻzlarni yanglish qoʻllash uchrab turadi. Ularning maʼnolari bir-biriga  yaqin boʻlsa, adashishlar yanada koʻproq boʻladi. Izm
va izn xuddi shunaqa juftliklardan. Ular baʼzan maʼnodoshlik hosil qiladi va bir-birining oʻrnida ishlatilishi mumkin. Boshqa hollarda maʼnosini farqlash kerak.

Izm arabchadan oʻzlashgan, oʻzbekchada ikki xil mazmunda qoʻllanadi:

1️⃣ Boshqarishda, biron-bir ishni bajarishda va shu kabilarda ixtiyor, erk:

Qurilishda men boshliqman, Boʻriyev. Mablagʻ ham, odamlar ham, jumladan, siz ham mening izmimdasiz.

A. Muxtor, “Tugʻilish”.

 

2️⃣ Amr, farmon; ijozat, ruxsat:

Janoblari ham keldilar, – ellikboshi oʻtirgan joyidan eʼlon qildi va mirzoning izmini kutdi.

Sh. Toshmatov, “Erk qushi”.

 

❗️ Lekin izm soʻzini ikkinchi maʼnosida qoʻllash hozir eskirgan.

Bu soʻz qatnashgan iboralar ham bor:

Izm bermoq – ijozat yoki ruxsat bermoq.

Izmiga solmoq – oʻz yoʻliga yurgizib, oʻziga boʻysundirmoq.

 

Izn soʻzi ham arabchadan oʻzlashgan, oʻzbekchada ruxsat, ijozat maʼnosida ishlatiladi:

Shu vaqtgacha oʻzini bosib, indamay turgan Gʻulomjon mingboshidan bir-ikki savolga izn soʻradi.

M. Ismoiliy, “Fargʻona tong otguncha”.

 

🟢 Demak, izm va izn soʻzini ruxsat, ijozat maʼnosida sinonim sifatida qoʻllash mumkin. Biroq bir jihati bor: izm soʻzini bu maʼnoda ishlatish tarixiylik, badiiylik nuqtai nazaridan oʻzini oqlaydi.

Ixtiyor, erk maʼnosida esa izn soʻzini qoʻllab boʻlmaydi:

Endi butun jarayon mening izmimda.

(jarayon ixtiyorimda, nazoratim ostida)

 

Endi butun jarayon mening iznimda.

(jarayon ruxsatimda deyilmaydi, jarayon yoki faoliyatga ruxsat berish mumkin)

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube