Jalyuza va jalyuzi
Jalyuza fransuzcha jalousie soʻzidan. Asliyatda rashk degan maʼnoni bildiradi. Ochilib-yopiladigan parallel plastinalardan tuzilgan pardani anglatadi. Oʻzbekchada yogʻoch darparda, chiyparda deyish mumkin.
Bu soʻz imlo lugʻatlari, izohli lugʻat va ruscha-oʻzbekcha lugʻatga jalyuza shaklida kiritilgan. Milliy ensiklopediyada esa jalyuzi deb berilgan. Shu variant asliyatga mos. Unda nega boshqa lugʻatlarda jalyuza shakli tanlangan?
Ikkita taxminim bor. Bu soʻz oʻzbek tiliga kirib kelganda odamlar shunday talaffuz qilgan va oʻzgarishga uchragan ogʻzaki variant olingan. Yoki bunga jalyuzi soʻzi rus tili orqali kirib kelgani sabab. Soʻz koʻplik shaklida turibdi, birligi jalyuza boʻladi degan yanglish qarash tufayli shu shakl tanlangan boʻlishi mumkin. Lekin bu ehtimoldan ancha yiroqroq.
Xullas, hozir har ikki shaklni ham toʻgʻri deb qabul qilamiz.
Bu soʻz oʻrnida oʻzimizning chiyparda ommalashib ketsa-ku, zoʻr boʻlardi. Biroq ommalashmasa kerak. Mayli, orzuga ayb yoʻq.
Aytishlaricha, jalyuzani oʻzbekchada jamparda ham deb atashar ekan. Bunda uning yigʻilish, jamlanish xususiyatiga urgʻu berilgan.
📌 Demak:
Jalyuza, jalyuzi ✅
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.