Jumlani “va” bogʻlovchisi bilan boshlamagan maʼqul
Savol:
Oʻzbek tilida gap va bogʻlovchisi bilan boshlanmaydi degan qarash isboti bor narsami?
Javob:
Va soʻzi birikma va jumlalarda yordamchi vazifani bajaradi: soʻz va gaplarni bir-biriga bogʻlaydi. Shu sababli uni jumla boshida ishlatmagan afzal. Ikkita jumlani birlashtirish uchun va ishlatib, soʻng gapni ajratib yozish mantiqli emas:
U menga hayron qaradi va angraygan koʻyi biroz turib qoldi. ✅
U menga hayron qaradi. Va angraygan koʻyi biroz turib qoldi. ❌
Bu tartib boshqa bogʻlovchilarga, masalan, zidlov bogʻlovchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ularni bemalol gap boshida ishlatish mumkin:
U menga hayron qaradi, lekin indamadi. ✅
U menga hayron qaradi. Lekin indamadi. ✅
Va bogʻlovchisi baʼzi istisnoli holatlarda jumla boshida ham kelishi mumkin. Bunda matn talabidan kelib chiqiladi. Bunday hol koʻpincha sheʼriyatda kuzatiladi. Yangi satr va soʻzi bilan boshlanadi.