“Kabob”ning oʻzbekchasi
Kabob oʻzi oʻzbekcha-ku, demoqchimisiz? Ha, kabob oʻzimizniki boʻlib ketgan. U oilaning haqiqiy aʼzosiga aylangan, boshqalarning qizi ekani bilinmaydigan yaxshi kelinga oʻxshaydi.
Kabob – goʻshtni sixga tortib, soʻng koʻraga terib, choʻgʻ damida pishiriladigan taom. U Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoda juda mashhur. Menimcha, tandirda yoki qozonda tayyorlanadigan turlari keyinroq paydo boʻlgan.
Oʻzbekchaga forschadan kirib kelgan kabob soʻzining ildizlari akkadcha kuydirmoq, yoqmoq maʼnosidagi kabābu soʻziga borib taqaladi. U nafaqat turkiy tillar, hatto arab, ingliz va rus tillariga ham oʻtgan. Albatta, talaffuz oʻzgarishlari bilan.
Xoʻsh, uning oʻzbekchasi nima? Hozir soʻzlashuv tilida biz asosan ana shu oʻzbekcha muqobilni ishlatamiz: shashlik. Hayron boʻlmang, aynan shashlik. U ruscha yoki forscha emas, turkiycha soʻz.
Shashmaqom va shashlikdagi shash umuman boshqa-boshqadir. Shashmaqomdagi shash forschada olti sonini bildirsa, shashlikdagi shash sish soʻzining oʻzgargan shakli. “Devonu lugʻatit turk”da sish, shish shaklida kelgan bu soʻzni bugun six shaklida ishlatamiz. Sishliq – sixga terib pishirilgan taom demakdir. Suqmoq, suqilmoq feʼllari ana shu sish – six oʻzagidan yasalgan.
Rus tilining etimologik lugʻatlarida ham shashlikning asli turkiycha shishlik ekani taʼkidlanadi.
Shashlik xuddi yurib-yurib, dunyo kezib, yana qaytib kelgan tanishimizga oʻxshaydi. Asli oʻzimizniki boʻlsa-da, begonasirabroq qaraymiz. Unga adabiy tilimizdan emas, soʻzlashuv tilidangina joy berganmiz, xolos. Bunga oʻxshash jahongashta soʻzlar yana bor. Oʻrni kelsa, ular haqida ham toʻxtalamiz.
Orif Tolib