“Katta yettilik”, “Katta yigirmatalik” – aslida xato
Ommaviy axborot vositalarida tez-tez uchraydigan Katta yettilik, Katta yigirmatalik iboralari aslida xato. Bu yanglishishning ildizi 1990-yillarga borib taqaladi. Rus publitsistlari oʻsha paytlarda inglizcha G7 qisqartmasini Bolshaya semyorka – Katta yettilik deb oʻgirgan. Ibora ilk bor “Kommersanty-Vlasty” jurnalining 1991-yil 21-yanvar sonida “Boltiqboʻyi Gorbachyovga 16 milliard dollarga tushdi. Kamida” maqolasida ishlatilgan. Jurnalist G7 ni Great Seven – Katta yettilik deb oʻylagan. Aslida u Group of Seven – Yettilik guruhi iborasining qisqartmasi edi. Shunday qilib, bu xato keng yoyilgan va G8, G20 kabi birlashmalarga nisbatan ham qoʻllana boshlagan.
Odatda asliyatdan emas, rus tili vositasida tarjima qiladigan, koʻpincha ruscha manbalarga asoslanadigan matbuotimiz bunda ham ergashish yoʻlidan borgan va yuqoridagi kabi atamalarni Katta yettilik, Katta sakkizlik, Katta yigirmatalik deb qoʻllayvergan. Biroq hozir OAV bu iboralarni asliga mos shaklda ham ishlatyapti.
Milliy ensiklopediyaga G7, G8, G20 birlashmalari haqida maʼlumot kiritilmagan ekan. Faqat bir maqola ichida Kuchli yettilik iborasi uchradi.
❓ Siz qanday fikrdasiz? Yuqoridagi qisqartmalar kengaytmasini oʻzbek tilida asliga mos Yettilik guruhi, Sakkizlik guruhi, Yigirmatalik guruhi shaklida berish kerakmi yoki odatlanilgan tarzda qoʻllayvergan maʼqulmi?
G7 – Group of Seven – Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSHdan iborat norasmiy xalqaro birlashma. Ushbu davlatlar rahbarlarining anjumanlari ham odatda shu nom bilan ataladi. “Yettilik guruhi” rasmiy tashkilot emas. U xalqaro shartnoma asosida tashkil etilmagan, nizomi va kotibiyati yoʻq. Qarorlari ham majburiy ahamiyat kasb etmaydi. Lekin xalqaro hayotga, ushbu davlatlar va ularning hamkorlari qarorlariga katta taʼsir koʻrsatadi.