Kim chiroyli?
Boylik va Kambagʻallik bir kishining oldiga kelib, uni savolga tutishdi:
– Ayt-chi, qay birimiz chiroyliroqmiz?
Odam javob berishdan choʻchidi. Xayolidan shunday oʻy oʻtdi: “Kambagʻallik chiroyli, deydigan boʻlsam, Boylik xafa boʻlib ketib qolishi mumkin. Boylik chiroyli deydigan boʻlsam, Kambagʻallikning gʻashi keladi va mendan oʻch oladi. Nima qilsam ekan?”
U biroz oʻylagach, yoʻlini topdi va dedi:
– Birga tursalaring, aniq bir fikr aytolmayman. Yurib turinglar.
Boylik va Kambagʻallik u yoq-bu yoqqa borib kela boshladi. Haligi kishi ularga qarab turib dedi:
– Kambagʻallik, sen ketayotganingda chiroyli koʻrinar ekansan. Sen esa, Boylik, kelayotganingda odamga juda xush yoqar ekansan.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Omina” jurnalining 2021-yil 31-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.