Kitobiy soʻzlar: chunonchi
Garchi izohli lugʻat bu soʻzni kitobiy soʻzlar qatoriga qoʻshmagan boʻlsa-da, uni bemalol shu safga qoʻyish mumkin. Bir oʻylab koʻring, kitoblar, turli nashrlardan boshqa joyda uchratganmisiz uni? Unga kam duch kelganimiz uchun baʼzan yanglish maʼnoda ham tushunamiz.
Chunonchi soʻzi yaʼni, masalan; jumladan maʼnolariga ega:
Ishqibozlik ham har xil boʻladi, chunonchi, birov gulga, bulbulga, birov mashinaga, yoʻrgʻa otga ishqiboz…
“Mushtum”.
Odam tanasida A vitamini faqat boshqa biror moddadan, chunonchi, sabzavotlar, koʻkatlardan ajralib chiqadigan karotin degan moddadan hosil boʻladi.
Gʻ. Mahkamov, “Salomatlik garovi”.
Oʻquvchilik yillarimda bir sinfdoshim mavzuni darsda deyarli yoddan aytib bergandi. Kitobda bor boʻlgani uchun orada chunonchi soʻzini ham ishlatgan, bu hol ozroq kulgiga sabab boʻlgandi. Chunki bu soʻzni jonli tilda birov ishlatmaydi-da.