Koʻchirma gap va tire

Koʻchirma gap va tire

Bizning imlo va punktuatsiya qoidalarimiz rus tili imlosi va punktuatsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Baʼzi hollarda biryoʻla koʻchirib qoʻya qolamiz. Doʻppini yechib, sal oʻylab koʻrmaymiz. Bunaqa oʻrinlarda “Toʻxta, nega oʻzbekchada ham aynan shunday boʻlishi kerak, axir aynan olishim, ergashib ketaverishim shartmas-ku!” degan mulohaza juda-juda zarur.

Muallif gapi koʻchirma gapdan keyin kelgan oʻrinlarda qoʻshtirnoqdan soʻng tire qoʻyishga odatlanganmiz. Juda koʻp kitoblarda, darsliklarda shunday. Shu tire nega kerak? Oʻzi koʻchirma gapligi shundoq ham bilinib turibdi-ku. Qoʻshtirnoq qoʻyilgan-ku? Yana bitta belgini ortiqcha kiritish nima zarur?

Solishtiring:

“Sizga bir ogʻiz gapim bor edi”, – dedim. 🤔

“Sizga bir ogʻiz gapim bor edi”, dedim.

Oʻzbek tilida ham bir qator nashrlar koʻchirma gap qoʻshtirnogʻidan keyin tire ishlatmaydi. Men ham tahrir va korrekturada shu usulni qoʻllayman. Biroq buni boshqa muharrir va musahhihlarga tushuntirish qiyin kechyapti. “Ona tili” darsliklarida ham oldin shunday ketgan degan istihola bilan tire qoldirilyapti. Aslida umuman kerak emas. Ilgarilari “Ona tili” darsliklarida koʻchirma gaplar uchun „ … “ shaklidagi qoʻshtirnoq ishlatilardi. Bunaqa shakldagi qoʻshtirnoq amaliyotda uchramas, faqat darsliklarda boʻlardi. Bundan-ku qutuldik. Endi shu tire qoldi.

“Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari” qoʻllanmasida ham bunday oʻrinlarda tire qoldirilgan. Toʻgʻrirogʻi, qoʻllanma rus tili imlo va punktuatsiya qoidalarining 195–197-bandlarini mazmunan takrorlagan. Koʻchirma gaplarga oid qoidalarning 8-bandidagina tire ishlatmaslik kerakligi taʼkidlangan. Tire ishlatmaslik qoidasini bemalol boshqa bandlarga ham tatbiq etish mumkin.

👉 Eʼtibor bering: gap faqat qoʻshtirnoq ishlatilgan koʻchirma gap imlosi haqida boryapti. Dialog shaklidagi, har bir jumla alohida satrdan boshlanadigan va satr boshida tire qoʻyiladigan koʻchirma gap haqida emas.

Internetdan izlab koʻring, ingliz, fransuz, turk tillarida bunday hollarda umuman tire ishlatilmaydi. Osmon uzilib, yerga tushgani yoʻq. Qaytaga, jumla tushunarli koʻrinadi, ortiqcha belgi koʻzga botmaydi.

Xullas, muharrir va musahhihlarni, imlo va punktuatsiya bilan shugʻullanadiganlarni, darslik va qoʻllanma yozadiganlarni bunday oʻrinlarda tiredan qoʻrqmay voz kechishga chaqiraman. Bundan tilimiz faqat yutadi. Chunki tinish belgilarining koʻp ishlatilishi, ayniqsa keraksiz ishlatilishi matnning tushunarliligini pasaytiradi xolos.

 

Ogʻirimizni yengil qiladigan Abomuslimi sohibqironlarimiz boʻlmasa 😢 deb oʻtiravermaymiz-ku 😉

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.