Hordiq dam olishmi yoki charchash?
“Yoshlik”chilar bilan Tohir Malik domlani yoʻqlab borganimizda til tozaligi, soʻz qoʻllash masalasida ham suhbat qurgan edik. Oʻshanda domla hordiq soʻzini yanglish ishlatish ommalashib ketganini aytgandi. Hordiq – horish, charchash. U chiqariladi, olinmaydi. Hordiq chiqarish – charchoqni chiqarish, yaʼni dam olish. Hordiq olish esa – charchoq olish, yaʼni charchash, toliqish.
Biroq baʼzi soʻzlar oʻziga oʻzi antonim maʼnoda ham qoʻllanadi. Ayrim soʻzlardagi xatolar esa ommalashadi, lugʻatlarga kiradi va toʻgʻri deb qabul qilinadigan boʻladi. Qisqacha aytganda, gʻalati mashhurga aylanadi. Hordiq ham shundaylardan.
Izohli lugʻat hordiq soʻzini ikki xil maʼnoda sharhlaydi:
- Ish-mehnat, harakat qilib charchagan, tolgan holat; horgʻinlik, charchoq.
- Dam.
Demak, bu soʻzni dam, dam olish, charchoq chiqarish maʼnosida ham qoʻllash mumkin. Xato emas.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.