Kompozitor va bastakor: farqi nimada?
Izohli lugʻat bu ikki soʻzni sinonim sifatida koʻrsatgan. Milliy ensiklopediya esa ularning maʼnosini farqlagan. Kompozitor – koʻp ovozli musiqa asarlari muallifi, musiqa ijodkori. Bastakor – anʼanaviy, mumtoz musiqa asarlari muallifi.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, kompozitorlik kasbi ijodkordan musiqiy-ijodiy qobiliyat bilan birga kompozitsiya fani boʻyicha puxta bilim ham talab etadi. Kompozitor nota yozuvi yordamida musiqa asarlarini ijod etadi, yangi, individual badiiy mazmunni ifodalashga harakat qiladi. Shu jihati bilan anʼanaviylik mezoniga tayanib monodiya tizimida ijod etuvchi bastakordan farq qiladi. Monodiya tizimi musiqaning bir ovozli ijro va bir ovozli cholgʻuga asoslangan sohasidir.
Tojikiston, Ozarbayjon va Oʻzbekistonda koʻp ovozli musiqa asarlari muallifi – kompozitor ham baʼzan bastakor deb yuritiladi. Biroq professional nuqtai nazardan ular farqlanadi.
Oʻzbekistonda Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Sulaymon Yudakov, Sayfi Jalil, Avaz Mansurov, Dilorom Omonullayeva kabi kompozitorlar tanilgan. Toʻxtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Gʻanijon Toshmatov, Muhammadjon Mirzayev, Orifxon Hotamov, Fattohxon Mamadaliyev, Abduhoshim Ismoilov kabi mashhur bastakorlar bor.
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi haqida eshitgan boʻlsangiz kerak. Bu tashkilot nomida ortiqcha takror yoʻq. Ikki tushunchada farq borligi uchun ham nomni shu shaklda berishni afzal koʻrishgan boʻlsa kerak.