“Konstitutsiya” soʻzi doim bosh harfda yoziladimi?

“Konstitutsiya” soʻzi doim bosh harfda yoziladimi?

Aslida konstitutsiya soʻzi atoqli ot emas. U doim kichik harfda yozilishi kerak. Biroq bosh qomusimizning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi shaklida rasman tasdiqlangan. Demak, uni ayni shu koʻrinishda yozamiz. Boshqa oʻrinlarda, garchi asosiy qonunimiz nazarda tutilsa ham, kichik harfda yozish zarur. Solishtiring:

8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun.

8-dekabr – Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun.

8-dekabr – mamlakatimiz konstitutsiyasi qabul qilingan kun.

8-dekabr – konstitutsiyamiz qabul qilingan kun.

Inson huquqlari konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan.

Konstitutsiyani kichik harfda yozsak, hurmatsizlik boʻlib qolmaydimi? Aslo yoʻq. Ota, ona, adolat, mehr kabi soʻzlarni kichik harfda yozsak, hurmatsizlik boʻlmayapti-ku, nega bu oʻrinda boʻlsin? Yozma matnda imlo qoidalariga amal qilinadi. Imlo qoidalarida konstitutsiya, kodeks, qonun, farmon, qaror, farmoyish, buyruq kabi soʻzlar bosh harfda yozilishiga oid qoida yoʻq.

Konstitutsiya matnining oʻzida soʻz bosh harf bilan yoziladi. Chunki bu orqali ayni shu konstitutsiya nazarda tutilishi koʻrsatiladi:

ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube