Chelyabinsk, Saratov, Tyumen – bu nomlar turkiycha ekanini bilarmidingiz?

Chelyabinsk, Saratov, Tyumen – bu nomlar turkiycha ekanini bilarmidingiz?

Bir zamonlar turkiy qavmlarning yeri boʻlgan oʻlkalar vaqti kelib Rossiya imperiyasi tarkibiga oʻtdi. Biroq joy nomlarida oʻsha olis tarix izlari bugungacha saqlanib qolgan. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib nomi turkiy ildizga ega shunday joylar haqida hikoya qiladi.

 

Chelyabinsk – Chalabiy shahri

Chelyabinsk – aholi soni boʻyicha Rossiyada sakkizinchi oʻrinda turuvchi shahar. Aholisi bir milliondan ortiq.

Chelyabinsk shahri nomining kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Eng keng tarqalgan talqinga koʻra, u kishi ismidan – Chalabiy soʻzidan kelib chiqqan. Chalabiy oti va unvoni turklarda keng tarqalgan. Shu nomdagi bir necha mashhur kishilar bor. Ammo manbalar bu soʻzni dastlab Oʻrta Osiyodagi turkiy qavmlar oʻzlashtirganini taʼkidlaydi.

Turkcha cheleb soʻzi xoʻjayin, ulugʻ zot, tangri kabi maʼnolarga ega. Ildizi suryoniycha ṣəlab – xoch soʻziga borib taqaladi. Oʻzbekchada qoʻllanadigan salib soʻzi ham ana shu oʻzakdan.

Rus oʻlkashunosi Vladimir Vitevskiy fikricha, chelab – boshqirdcha soʻz. Maʼnosi – chelak yoki lavlagi. Olim Chelyabinsk chindan ham chelaksimon havzada joylashganiga eʼtibor qaratadi.

 

Orenburg – oʻrdagi shahar

Orenburg – Janubiy Uraldagi eng yirik shaharlardan biri. Unga 1734-yili imperator Anna Ioannovna qarori bilan asos solingan. Or (oʻqilishi – Oʻr) va Yoyiq daryolari qoʻshilgan joyda bir qoʻrgʻon barpo etiladi. Uni daryo nomi bilan Or qalʼasi deb ataydilar. Oʻsha davrdagi urfga koʻra shahar-qoʻrgʻon nemischa uslubda Orenburg – Or daryosi boʻyidagi shahar nomini oladi. Keyinchalik u bir necha bor Yoyiq daryosining quyi qismiga koʻchiriladi. Eski oʻrnida faqat qalʼa saqlanib qoladi. Qalʼa oʻrnida hozir Orsk shahri qad koʻtargan. Shunday qilib, daryo nomi ikki shahar otiga koʻchgan.

Or daryosining nomi hozirgi oʻzbek tilida ham ishlatiladigan turkiy oʻr – chuqurlik, jarlik, oʻra soʻzidan hosil boʻlgan. Oʻr qazmoq, oʻrga tushmoq, oʻru qir kabi iboralarda ayni shu oʻr soʻzi qatnashgan. Oʻr soʻzining tepalik, balandlik maʼnosi ham bor.

 

Saratov – sariq
togʻ

Saratov – Volga boʻyidagi yirik madaniy, iqtisodiy shahar. 1590-yili qoʻrgʻon sifatida tashkil etilgan.

Shahar nomining kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Eng keng tarqalgan fikrga koʻra, turkiy tillardagi sari tau – sariq togʻ iborasi shahar nomiga asos boʻlgan. Qalʼa Volganing yuqori qirgʻogʻida, togʻlar atrofida qad koʻtargan. Bu togʻlar atrofdan sariq-kulrang koʻringan. Mahalliy xalq uni sari tov deb atagan. Keyinchalik bu nom yon-atrof hududlarga va qalʼaga nisbatan ham ishlatila boshlagan.

Boshqa bir fikrga koʻra, shahar nomi turkiy tillardagi sar atav – pastlikdagi orol yoki sarik atov – qirgʻiy oroli iboralaridan hosil boʻlgan.

Toponim tarixini slavyan va eroniy tillarga bogʻlovchilar, turli afsonalarni asos qilib koʻrsatuvchilar ham bor.

 

Azov – adoqdagi shahar

Azov – Don daryosi etagidagi shahar. Uning nomi kelib chiqishi boʻyicha har xil qarashlar bor.

Bir qarashga koʻra, oti joylashuviga koʻra qoʻyilgan. Shahar nomiga turkiycha azau soʻzi asos boʻlgan. Turkiy tillarda azaq, azagʻ, azau, adaq kabi shakllarda qoʻllangan bu soʻz quyi joy, tugallanish, oxir kabi maʼnolarni ifodalagan. Bugun biz ishlatadigan oyoq, adoq soʻzlari ham ana shu oʻzakka borib taqaladi.

Baʼzi tarixchilarga koʻra, taxminan 1067-yili hududni qipchoqlar egallagan va Azov oʻrnidagi qishloqqa Azuvxon (Azoqxon) nomini bergan.

Keyinchalik shaharga yaqin dengiz ham shunday nomlangan: dastlab sohilga tutash suvlar Azov dengizi deb yuritilgan boʻlsa, vaqtlar oʻtib butun havza shu nom bilan atala boshlagan.

 

Tyumen – oʻzimizning “tuman”

Tyumen shahriga 1586-yili asos solingan. Tura daryosi boʻyida. Aholi soni boʻyicha Sibirdagi toʻrtinchi yirik shahar.

Bu shahar nomining kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Keng tarqalgan talqinlardan biriga koʻra, u turkiy tillardagi tuman – oʻn ming soʻzidan kelib chiqqan. Mahmud Koshgʻariy bu soʻzni juda koʻp va oʻn ming maʼnolarida izohlaydi.

Tuman tarixda oʻn ming kishilik harbiy qismni, oʻn ming va undan ortiq askar yetkazib berish imkoniga ega hududiy birlikni ham ifodalagan. Baʼzilar shahar nomida shu maʼno bor deb hisoblaydi. Lekin buni maʼqullamaydiganlar koʻp: Sibirda oʻzi hozir ham odam kam boʻlsa, bu hudud oʻtmishda oʻn ming askar bera olgan boʻlishi mumkin emas.

Mantiqan asosli variant ham bor: Tyumen shahri pastlikda joylashgan. Sibir tatarlari tilida tuman soʻzi pastlik, uva maʼnosiga ega. Shahar nomi shu soʻzdan olingan. Sibir tatarlari tilidagi bu soʻz hozirgi oʻzbek tilida tuban shakliga ega. Uning bosh maʼnosi – quyi, past degani.

 

Qirim – xandaqli shahar

Qirim – juda qadim oʻlka. Miloddan oldingi 1-mingyillikda bu yerlarda kimmeriy, tavr va skif qabilalari yashagan. Shu bois antik adabiyotlarda Tavrika, Tavriya, Tavrida kabi nomlar bilan tilga olingan. Bu toponimlar tavr qabilasi nomidan kelib chiqqan. XIII asrda hudud Oltin Oʻrda qoʻl ostiga oʻtadi. Shu davrdan eʼtiboran Qirim nomi urfga kirgan.

Qirim yarimorolining oti boʻyicha turfa xil qarashlar bor. Qirim soʻzi qadimda bu hududda yashagan kimmeriy qabilasi nomidan kelib chiqqan degan fikr ham bor. Lekin uning ehtimoli kam. Chunki Qirim nomi ishlatila boshlagan paytda hududda bu qabilalar ham, ulardan nishon ham qolmagan edi.

Eng keng tarqalgan bir talqinga koʻra, dastlab qoʻrgʻon, keyinchalik shahar boʻlgan Qirimning nomi turkiy tillardagi qirimchuqurlik, jarlik, handaq soʻzlaridan yuzaga kelgan. Oldin shahar atrofida yirik mudofaa inshooti – xandaq boʻlgan.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, qirim soʻzining talaffuzi oʻzimizning qir soʻzi bilan uyqash. Qir oʻzbekchada yassi togʻ, baland tekislik maʼnosiga ega. Chet, chekka maʼnosidagi qir soʻzi ham bor. Sidirmoq, tarashlamoq, yengil oʻymoq maʼnosidagi qirmoq soʻzini ham ishlatamiz.

Baʼzilar Qirim nomini mening qirim maʼnosida ham sharhlaydi.

Qirim yarimorolida asli turkiycha boʻlgan joy nomlari juda koʻp. Chunki oʻlkani ruslar egallagunga qadar bu yerda asosan turkiy tilli qavmlar yashagan va juda koʻp yerlarga ular nom bergan.

Qirim soʻzini ruschaga taqlidan Qrim shaklida yozish urfga kirgan. Lekin bu xato. Chunki uning talaffuzi chaqirim soʻzidagi qirim bilan bir xil. Xorijiy joy nomlarini, ayniqsa asli turkiy boʻlgan toponimlarni oʻzbek tili qoidalariga koʻra yozish kerak.

 

Ural – oʻralgan joy

Ural – Rossiyadagi geografik hudud. Shu nomdagi togʻ va daryo, qishloq va shaharchalar bor.

Ural nomining kelib chiqishi haqida turfa xil qarashlar bor. Rus tilining mahalliy tillar bilan aloqasini oʻrgangan mutaxassislar bu soʻz boshqird tiliga mansub degan xulosaga kelgan. Chunki mahalliy xalq va elatlar tilida faqat boshqird tilidagina bu joy nomi shu shaklda ishlatiladi. Xanti, mansi, udmurt, komi kabi xalqlar hududga boshqa nom berganlar.

Oʻr soʻzi boshqird tilida eskidan ishlatiladi, u qadimgi turkiy tilga mansub. Oʻzbek tilidagi tepalik, balandlik maʼnosidagi oʻr soʻzi ham ayni shu soʻzga borib taqaladi. Oʻr-qir, oʻrlamoq, oʻralamoq, oʻrkach kabi soʻzlar oʻr ildizidan oʻsib chiqqan.

Taniqli geograf olim Eduard Murzayev ruslar Uraltov nomini boshqirdlardan XVI asr oʻrtalarida oʻrganganini yozadi. Shu bois bu nom turkiycha orol yoki oʻral (oʻralmoq) nomlariga bogʻlanadi.

Oʻral soʻzi boshqird tilida belbogʻ maʼnosiga ham ega. Boshqirdlarning “Oʻral botir” nomli xalq dostoni ham bor.

Agar ozgina diqqat bilan tinglasangiz, boshqirdchani tushunsa boʻladi. Tatarcha, qozoqcha va turkmancha qorishmasiga oʻxshaydi.

 

“Daryo” nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.