Koʻpchilik adashadigan holat: oʻzbekistonlikmi yoki Oʻzbekistonlik?
-lik qoʻshimchasi oʻzakka qoʻshilib, ot va sifat yasaydi. Joy nomlariga qoʻshilganda shu joyga mansublikni bildiruvchi soʻz hosil qiladi: hindistonlik, turkiyalik, rossiyalik kabi.
Bunday soʻzlar gap ichida kichik harfda yoziladi. Chunki u joy nomini bildirmayapti. Biror joylik kishini yoki odamning biror joyga mansubligini ifodalayapti:
Bugun xorazmlik kursdoshlarim keldi.
❗️ Eʼtibor bering: joyga mansublik -dan qoʻshimchasi bilan ifodalanganda soʻz bosh harfda yoziladi. Chunki -dan soʻz yasovchi qoʻshimcha emas, u qoʻshilgandan keyin ham soʻz joy nomi xususiyatini saqlab qoladi:
Bugun Xorazmdan kursdoshlarim keldi.
📌 Demak:
Men oʻzbekistonlikman, men Oʻzbekistondanman ✅
Men Oʻzbekistonlikman, men oʻzbekistondanman ❌
🔄 Mavzuga aloqador:
- Boshyorar muammo: oʻringa nisbat beruvchi sifatlar imlosi
- Ismlar imlosi: ruxmi yoki ruh?
- Zulayxomi yoki Zulayho?
- Ism-familiyalarni boʻgʻinga koʻchirmagan yaxshi