Kvazarlar nima?
Savol:
Oʻtkir Hoshimovning “Kvazarlar” nomli asari bor. Shuning lugʻaviy maʼnosi nima?
Javob:
Bu atama inglizcha quasar soʻzidan olingan, u esa quasi-stellar soʻzlaridan yasalgan boʻlib, yulduzga oʻxshash degan maʼnoni anglatadi.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, kvazarlar burchak oʻlchamlari juda kichik kosmik obyektlardir. Galaktikamizdan ancha uzoqda joylashgan kuchli nurlanish manbai boʻlib, optik diapazonda xira yulduzsimon koʻrinishga ega. Ilk bor 1960 yili radionurlanish manbai sifatida topilgan.
Kvazarlar galaktikadagi eng yorqin jismlardan biridir. Shu sababli ularni koinot mayoqlari deb ham atashadi. 2019-yili eng yirik kvazarlardan biri aniqlangan. Uning yorugʻligi 600 trillion quyoshga teng deb baholangan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, milliondan ortiq kvazar aniqlangan.
Kichik kvazar blazar deyiladi.