Lavozim, ilmiy unvon va ilmiy daraja: qanday ketma-ketlikda yozish kerak?
Rasmiy xatlar, soʻzboshi, taqriz va turli maʼlumotlar yozishda lavozim, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni koʻrsatishga toʻgʻri keladi. Baʼzida sanalganlarning barchasini birdaniga keltirish zarur boʻlib qoladi. Ilmiy unvoni yo darajasini yozmasangiz, jiddiy xafa boʻladiganlar ham bor. Bir hisobda bu ham toʻgʻri, ilmiy ish qilish oson emas.
Xullas, birdaniga bir necha jihatni aks ettirmoqchi boʻlsangiz, eng oldin lavozimni yozasiz. Chunki xat yozayotgan yoki yozilayotgan
shaxs birinchi galda lavozim egasi sifatida vakolatga ega.
Ilmiy unvon va ilmiy darajani koʻrsatishda biroz xilmaxillik bor. Urfga koʻra, oldin ilmiy daraja, soʻng ilmiy unvon yoziladi. Menimcha ham, shu variant toʻgʻri: lavozimdan soʻng ilmiy daraja, keyin ilmiy unvon kelishi kerak:
Falonchi Pistonchiyev,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori, professor
Xatga imzo chekuvchi sifatida yozilganda shu tarzda beriladi.
Agar bir qatorda yozmoqchi boʻlsangiz, familiyadan keyin vergul yoki tire qoʻyasiz. Tire qoʻygan afzalroq, chunki ketma-ket vergul kelmaydi, ism-familiya alohida boʻlib turadi:
Falonchi Pistonchiyev – Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori, professor.
Yuqoridagi shakldan odatda shaxs haqida maʼlumot berilganda foydalaniladi.
Xat chiqarayotganda esa quyidagi shaklda yoziladi:
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti prorektori,
filologiya fanlari doktori, professor
Falonchi Pistonchiyevga
(Ajralib turishi uchun qiya harfda yozdim, siz oddiy harfda yozishingiz mumkin.)
Ayni paytda biror lavozimda ishlamayotgan, ilmiy daraja va unvonga ega kishi xat yozsa yoki siz uni biror joyda qayd etmoqchi boʻlsangiz, yuqoridagi tartibda, biroq lavozimsiz berish mumkin:
Falonchi Pistonchiyev,
filologiya fanlari doktori, professor
Falonchi Pistonchiyev – filologiya fanlari doktori, professor.
Orif Tolib