Quda-anda: anda kim?
Baʼzi juft soʻzlarni koʻp ishlatamiz-u, ikkinchi qismi nima maʼno anglatishini har doim ham aniq bilavermaymiz. Quda-anda ham ana shunday soʻzlardan.
Izohli lugʻatga koʻra, anda qadimgi turk-moʻgʻul xalqlarida tutingan aka-ukani anglatadi.
Milliy ensiklopediya qoʻshimcha maʼlumotlarni ham keltirgan: anda boʻlishni istagan shaxslar qon chiqarib uni bir-birlariga surtganlar va umrbod aka-uka tutinganlar. Masalan, Chingizxon jajirat qabilasi rahbari Jamuxa bilan anda tutingan.
Kinofilmlarda shunga oʻxshash sahnalarni koʻrgan boʻlsangiz kerak. Qon boʻyicha ogʻa-inilar ingliz tilida brothers by blood, blood brother, rus tilida krovnыe bratya, brat po krovi deyiladi. Qadimgi turkiylarda bu tushuncha bitta soʻz bilan ifodalangan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.