Lotin alifbosidagi oʻzgarishlar haqida
Alifbodagi ikki belgili harflarning Ó/ó, Ǵ/ǵ, Ş/ş va Ç/ç shaklida oʻzgarishi juda yaxshi va asosli, menimcha. Bu boradagi sharh va tushuntirishlarga ham yuz foiz qoʻshilaman.
Lekin ona tilimizga yot boʻlgan “s” tovushining kiritilishini mutlaqo xato deb oʻylayman. Oʻzbek “tsirk”, “tsex” deb bu tovushni yaxlit talaffuz qilmaydi, mabodo talaffuz qilsa, bu til tabiatiga yot, gibrid talaffuzdir. Soʻz oʻrtasida kelganda esa, oʻz-oʻzidan “t” va “s” shaklida ikki alohida tovush sifatida aytadi.
Yakuniy xulosada aytilishicha, “S/s ni yoqlovchilar bu harf alifbomizda mavjud boʻlmagani bilan maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijtimoiy hayotimizda baribir ishtirok etyapti, masalan, pasport seriyasi, test savolnomasi, avtomashina raqamlari kabi roʻyxat bandlarini alifbo asosida tartiblashda va boshqa holatlarda Ss harfidan foydalanyapmiz, shuning uchun bu harfni alifboga qabul qilishimiz shart”, deyishyapti ekan. Pasport seriyasi, test savolnomasi, avtomashina raqamlari kabilarda oʻzbek lotin alifbosidan foydalanilmaydi. Ularga xalqaro til – ingliz tili alifbosi asos qilib olinadi. S ni s qilib alifboga kiritsak, ertaga milliy alifbomizdagi Óó yoki Ǵǵ harflari pasport seriyasi yoki avtomobil raqamlarida qoʻllanadimi? Menimcha, yoʻq.
Rus tilidan S harfli juda koʻp soʻz kirib kelgani va s harfi yoki ts birikmasi bu tovushni hamisha ham toʻla aks ettirmasligi ham asossiz vaj. Har bir tilning oʻz xususiyati bor. Hech bir til boshqa bir tildagi tovushni toʻla aks ettirish majburiyatini boʻyniga olmagan. Masalan, bizga arab tilidan kirib kelgan Zod harfli soʻzlarni arabdek talaffuz qilmaymiz, oddiy Z bilan ifoda etamiz: “ramadzon” demaymiz, “ramazon” deymiz. Yoki inglizcha “The Sun” gazetasi nomini oʻzbekcha talaffuzda bermoqchi boʻlsak, “ze San” deyishdan boshqa ilojimiz yoʻq. Chunki bu tovushni ifodalaydigan harf oʻzbekchada mavjud emas. Yaxshisi, uni aslicha, ingliz tilida yozib qoʻya qolamiz. Inglizcha talaffuz bilan oʻqimoqchi boʻlgan odam oʻzi istaganidek oʻqib olaveradi.
Boshqa tillar ham shunday. Masalan, rus tilida H harfi yoʻq, chunki bu til egalari boʻgʻiz undoshini talaffuz etmaydi, oʻrniga koʻpincha G ishlatadi: “Hollandiya” deyishga qiynalgani uchun “Gollandiya” deb qoʻya qoladi. Yoki, aytaylik, inglizlar “qoraqalpoq” soʻzini “karakalpak” deb talaffuz qiladi, chunki ingliz tilida q tovushi yoʻq. Arab tilidagi “amirul bahr” (dengiz amiri) degan rutba fransuzchaga “admiral” shaklida oʻtgan. Buning uchun hech kim fransuzlarni nega “bahr” soʻzini toʻgʻri talaffuz qilmayapsan deb ayblamagan. Bunaqa misollarni istagan tildan zerikkuncha keltirish mumkin.
Oʻzga millat vakillarining ism-familiyasidagi S tovushini toʻgʻri aks ettirish imkoniyati yoʻqligi bois baʼzan muayyan noqulaylik, chalkashliklar yuzaga kelishini alifboga alohida bitta harf olib kirmay ham oson hal etish mumkin. Kishi nomlarini yozishda soʻz boshida kelgan S harfini Ts tarzida yozish kifoya.
Qadimiy lotin tiliga mansub boʻlgan S harfli koʻp soʻzlar asliyatda ham S/s harfi bilan yozilgani haqidagi qarashga esa lotin tili uchun emas, oʻzbek tili uchun alifbo tayyorlanganini eslatish kifoya, menimcha.
Alifboga C/c (s) harfining kiritilishi kirill yozuviga oʻrganib qolgan katta avlod vakillarining ham lotin yozuviga tezroq moslashib ketishiga, rasmiy alifbomizning keng qoʻllanilishiga zamin yaratar ekan. Moslashadigan boʻlsa, shusiz ham moslashaveradi. Katta avlodning moslashishi S harfiga qarab qolgan emas. Yangi alifboga nafaqat katta avlod, balki yoshlarning ham sezilarli qismi moslashmadi (Tengdoshlarimning koʻpchiligi kirill alifbosida yozadi, blogerlarning kanallari ham aksariyat holatlarda kirilchada yuritiladi – xulosam shunga koʻra). Bunga alifboning yozishga noqulayligi, qoʻshma harflar va umumiy loqaydlik sabab. S harfi emas.
Ng harfini bitta harfga aylantirish qiyinchiliklar keltirishini, har holda, qabul qilish mumkin.
Senat tasdiqlaydigan oʻzgarishlar oʻzbek tili tabiatiga mos boʻladi, deb umid qilaman.
Orif Tolib