Maddoh

Maddoh

Bugun maddoh soʻzi faqat salbiy maʼnoda qoʻllanyapti. Qadimda uning ijobiy yoki neytral maʼnosi ham boʻlgan.

Arab tilidan kirgan bu soʻz asliyatda madh qiluvchi; Xudoga hamdu sano aytuvchi maʼnolarini bildiradi.

Oʻtmishda bozor va koʻcha-koʻylarda odam toʻplab, vaʼz-nasihat aytuvchi kishilar ham maddohlar deyilgan. Chunki ular oʻz maʼruzalarida dindan, shariatdan gapirganlar, Allohni ulugʻlab, madh etganlar.

Soʻz maqtovchi, madh qiluvchi; xushomadgoʻy maʼnolarida qadimda ham ishlatilgan. Bu uning koʻchma maʼnosidir. “Dushman firibin koʻp yema va maddoh xushomadin chin dema”, deydi Navoiy hazrat. Menimcha, maddohning maʼnosi bora-bora faqat shaxslarni maqtovchilarga nisbatan ishlatila boshlagan.

Bugungi jonli tilda bu soʻz tilyogʻlamalik qiluvchi, xushomad orqali kimgadir yaxshi koʻrinishni istovchi degan mazmunni tashiyapti. Bunday maddohlik hamma zamonlarda qoralangan, dinimiz qatʼiy qaytargan tuban ishdir.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube