“Mahsulot”ning oʻzbekchasi – tovar

“Mahsulot”ning oʻzbekchasi – tovar

Tilimizga oʻrnashib, oʻziga tegishli boʻlmagan hududlarni ham egallab olgan monopoltabiat soʻzlardan biri mahsulotdir. Bu soʻzni oʻrinli-oʻrinsiz qoʻllayveramiz. Uning turkiycha muqobili – tovarga esa juda kam murojaat qilamiz. U goʻyo rus yoki boshqa Yevropa tilidan kirib kelganday tuyuladi. Aslida bunday emas. Tovar gʻirt oʻzbekcha soʻz.

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida tavar soʻziga jonli, jonsiz mol, mato deb taʼrif berilgan:

 

Oʻl aning birla tavar yarishdi – U sherigi bilan tovarni teng boʻlishdi.

 

Tovar rus tiliga turkiy tillardan oʻtgan. U bolgar, sloven, chex, polyak kabi tillarda ham ishlatiladi.

Dastlab chorva moli maʼnosida qoʻllangan tovar keyinchalik har qanday moddiy boylikni ifoda eta boshlagan. Qadimda koʻchmanchi turkiy qavmlarda chorva asosiy boylik boʻlgan.

Xalqning turmush tarzi tilda aks etishi – tabiiy hol. Ingliz, rus va boshqa tillarda mablagʻ, sarmoya maʼnosida qoʻllanadigan kapital soʻzi ham lotincha caputbosh, asosiy soʻziga borib taqaladi. Qadimda Yevropada ham boylik chorva soni bilan oʻlchangan, buni aniqlash uchun chorva boshi sanalgan, chorva boylikning asosiy oʻlchovi boʻlgan.

Xullas, tomirida turkiy til qoni oqayotgan tovar soʻzini bemalol ishlataverishimiz kerak. U tilimizning ming yillik tovari.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube