Manguga ajraladi
Suv, Shamol, Olov va Nomus doʻst tutingan edi. Ular hamisha birga yurardi. Lekin ajraladigan, hamma oʻz ishi bilan shugʻullanadigan vaqt keldi. Ketish oldidan keyinchalik bir-birlarini qanday topa olishlari haqida fikrlashishdi.
– Biror oʻsimlik koʻkargan joyda men albatta boʻlaman, – dedi Suv.
– Yaproqlar shivirini eshitsangiz, bilingki, men oʻsha yerdaman, – dedi Shamol.
Olov esa tutun bor joyda boʻlishini aytdi. Birgina Nomus indamay turardi. Doʻstlari undan nimaga belgi-alomatlarini aytmayotganini soʻrashdi.
– Sizlar ajralishingiz va qayta topishishingiz mumkin. Mendan ajralganlar manguga ketadi, men bilan qayta hech qachon birga boʻlolmaydi, – deb javob berdi Nomus.
Orif Tolib
“Ma’rifat” gazetasining 2015-yil 4-mart sonida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.