Maqol va matal: farqi nimada?
Maqol xalq hayotiy tajriba asosida yaratgan, ixcham, obrazli, tugal maʼnoli va hikmatli ibora yoki gapdir. Uni oʻz oʻrnida qoʻllash nutqni taʼsirli, jozibador qiladi.
Izohli lugʻatga koʻra, matal tugal maʼno ifodalamaydigan obrazli ibora, hikmatli soʻzdir. Kitobda qizil qor yoqqanda, tuyaning dumi yerga tekkanda kabi iboralar matalga misol sifatida keltirilgan.
Biroq milliy ensiklopediyaning yondashuvi boshqacharoq: matal bir yoki bir necha jumladan tuziladi. Ular orasida qofiyalanish hamisha ham saqlanmaydi. Matalda oʻxshatish, taqqoslash, kinoya, qochiriq kabi badiiy vositalardan foydalaniladi. Majoziy iboraning oʻz asl maʼnosi bilan koʻchma maʼnosi oʻrtasida yaqinlik, mantiqiy bogʻlanish boʻlishi kerak.
Milliy ensiklopediya “Shamol boʻlmasa, daraxtning shoxi qimirlamas”, “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” kabilarni matalga misol qilib keltirgan.
Matallar koʻpincha boshqa bir jumla ichida qoʻllanadi, uni toʻldiradi, yumor belgilariga ega boʻladi. Maqollar koʻchma va oʻz maʼnosida qoʻllanishi mumkin, matallar esa faqat koʻchma maʼnoda ishlatiladi. Manbalarda “Qil uchida turibman”, “Semizlikni qoʻy koʻtaradi”, “Tuyaga yantoq kerak boʻlsa, boʻynini choʻzar”, “Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi” kabilar matal sifatida koʻrsatilgan.
Bir-biriga juda oʻxshash boʻlgani sababli jumla shaklidagi matallar aksariyat hollarda maqollar qatoriga qoʻshiladi.
🔄 Mavzuga aloqador:
- Notavon koʻngilga qoʻtir jomashov.
- Dunyoni suv olsa, oʻrdakka nima gʻam?
- Men nima deyman-u, qoʻbizim nima deydi?!
- Yalqov togʻni koʻtarib yurishga majbur boʻladi.
- Istaging qancha koʻp boʻlsa, koʻngling shuncha koʻp qoladi.