Mark Tven. Yaxshi yozay desangiz
Mark Tven (1835–1910) sarguzasht romanlaridan tashqari, oʻtkir hajvi, hikmatli soʻzlari bilan ham mashhur. Dunyo eʼtirof etgan adibning boshlovchi yozuvchilarga bergan maslahatlari, shubhasiz, maktab vazifasini oʻtaydi.
“Juda”, “oʻta” degan soʻzni ishlatmoqchi boʻlganingizda uning oʻrniga har safar “haddan ortiq” yoki “behad” iborasini qoʻllang. Shunda muharrir bu soʻzlarni oʻchirib tashlaydi va yozganlaringiz binoyiday boʻladi-qoladi.
Xulosa: ortiqcha soʻzlarsiz, aniq, ravon, taʼsirli yozing. Oʻrinsiz hayajon yoki yasama mubolagʻa sunʼiylikka olib keladi.
Sizga birov qalamhaqi taklif qilmagunicha, tekinga yozavering.
Ijodkor boʻlishni chin yurakdan istang, oʻz ishingizni seving. Faqat pul yo shon-shuhrat uchun yozsangiz, yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Bundan hafsalangiz pir boʻladi va ijoddan tezda koʻnglingiz qoladi.
Maqola yozish uchun eng qulay fursat – uni oʻzingiz uchun yozib tugatgan paytingizdir. Faqat shundagina asli nima demoqchi ekaningizni aniq-tiniq anglaysiz.
Ilk urinishlar faqat qoralamalar, xolos. Buyuk yozuvchilarning aksariyati asarlarini qayta-qayta yozgan, tahrir qilgan. Ishlashdan, fikrlashdan erinmang.
Gʻoya, fikr hammada bor. Biroq hamma ham uni keragicha ifodalay olmaydi. Bitta xatboshida aytish mumkin boʻlgan fikrni uzundan-uzoq choʻzadiganlar koʻp.
Soʻzlarni tejang, loʻnda yozishni oʻrganing. “Soʻz boʻtqasi” hech kimga kerak emas. Ortiqcha iboralar tushunarlilik darajasini tushirib yuboradi.
Bir safar baxtli tasodif tufayli bir narsani anglab yetdim: yarmiga kelib “toʻxtab” qolgan kitob – agar ozgina nafas rostlab, unga yangi kuch va gʻayrat bilan kirishsangiz – yurishib ketadi. Xom va pala-partish maqolalarga ham biroz tanaffusdan soʻng yangi ruh berish mumkin.
Ish unmay qolishi hammada kuzatiladi. Ijodiy kayfiyat oʻzgaruvchan boʻladi. Dam oling, boshqa yumushlar bilan shugʻullaning. Biroq tanballashib qolmang ham.
Buyuk kitoblar uslubi va mohiyatiga qarab baholanadi, qoliplangan grammatikasiga qarab emas.
Diqqatni gʻoya, uslub va syujetga qarating. Yozib boʻlgandan keyingina grammatika, ega-kesimning oʻrni haqida bosh qotirishingiz mumkin.
Sifatlar masalasida bir gap: ikkilanyapsizmi, oʻchirib tashlang.
Soʻzlarni, ayniqsa, sifatlarni qoʻllashda eʼtiborli boʻling. Maʼnosini yoki oʻrnini bilmay ishlatgan soʻzingiz teskari, kulgili yoki mavhum maʼno keltirib chiqarishi mumkin.
Qisqa ibora va gaplar, oddiy til taʼsirchan ekanini angladim. Chin koʻngildan yozyapsizmi, shu uslubni mahkam tuting. “Parday mayin va gulday chiroyli” iboralar oʻquvchini chalgʻitishiga yoʻl qoʻymang.
Qanday usulni tanlash – oʻzingizga havola. Eng muhimi – mohiyat. Yozganingizni oʻqigan odam nima deyayotganingizni, nima demoqchiligingizni tushuna olsin.
“Ayol baqirdi”, demang. Uni shunday vaziyatga olib kelingki, oʻzi baqirsin.
Voqealarni xuddi koʻrib turganday, oʻzingiz qatnashayotganday tasvirlang. Shunda oʻquvchi ham shu tarzda mutolaa qiladi.
Bir xil usulda yozadigan adiblarni umuman tushuna olmayman.
Yangicha usullarni qidiring, soʻz yasab koʻring. Tasvir va ifodada tajribalar qiling.
Toʻgʻri soʻz va deyarli toʻgʻri soʻz oʻrtasidagi farq xuddi chaqmoq bilan tillaqoʻngʻiz oʻrtasidagi farqqa oʻxshaydi.
Soʻzlarni tanlash va qoʻllashga jiddiy ahamiyat bering.
Siz qancha koʻp tushuntirsangiz, men shuncha kam tushunaman.
Yana oʻsha gap: ravonlik, loʻndalik. Ortiqcha tafsilotlarga umuman oʻrin bermang.
Orif Tolib tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2015-yil 9-sonida chop etilgan.