Masʼuliyat yuki

Masʼuliyat yuki

Soʻz – jon malhami, soʻz – goʻzallik, soʻz – or-nomus, soʻz – qudrat… Odam bolasi dunyoga kelibdiki, soʻzning qadri baland boʻlib kelgan. Shu bois oʻzini bilgan, oʻzini hurmat qilgan har bir odam soʻzni ardoqlagan, qadrini bilib qoʻllagan. Ustod Asqad Muxtor “Soʻzni qayliq saylagandek sevib sayla…” deb bejiz yozmagan. Tilning ulkan bilmdoni akademik Alibek Rustamov esa “Soʻz haqida soʻz” kitobida “muhkam” degan istiloh haqida gapiradi. Soʻzlarini mutlaqo oʻzgartirib boʻlmaydigan bayt yoki jumla “muhkam” deb atalar ekan. Bu gaplardan maqsad nima?

Hozir adabiyotimizga yangi-yangi nomlar kirib kelayotir. Bu qalamkashlarning aksariyatida, taassufki, eng katta bir kamchilik ham yaqqol koʻrinib qolayotir. Bu – asarlar tilining siyqaligi, bitiklarning rasmiy, gazeta tilida yozilayotganligi. Voqea, muammolar yangi va muhim, hayotdan ilgʻab olingan qahramonlar shu zamonniki. Biroq til, ifoda gʻarib; soʻz toʻmtoq, gaplar tusmollab aytilgan. Biz bugun siz – gazetxonlarga tanishtirayotgan yosh ijodkor – shoir va nosir Orifjon, fikrimcha, bunday illatdan uzoqroq yurishga astoydil urinmoqda. Bu – kishiga umid bagʻishlaydi. Orifjon ijodni katta masʼuliyat talab qiladigan ish deb qaraydi; soʻzni yurakdan his etib qoʻllashga intiladi, ijod – rost gaplarni badiiy tilda yozishga daʼvat qiluvchi pokiza, muqaddas soha deb biladi.

Men bu gaplarni bitishdan avval yosh adibdan badiiy ijod, ijodda qanday prinsiplarga rioya qilish, yozishdan maqsadi, orzu-niyatlari haqida soʻradim. U, jumladan, shunday fikr-mulohazalarni aytdi:

“Oʻzim hurmat qiladigan barcha yozuvchilar kabi insonni, uning ichki va tashqi olamini tasvirlashni orzu qilaman. Shu bilan birga mumtoz adiblarimiz tutgan yoʻlni qattiq ushlashga intilaman. Sharq, jumladan, oʻzbek adabiyoti hamisha adab targʻiboti, ibrat va oʻrnaklar koʻzgusi boʻlib kelgan. Yozganlarim axloqqa toʻla-toʻkis javob berishi kerak. Ertaga asarlarimni onam yoki singlim oʻqiganda yuzim qizarmasligi shart.

… Yoʻlni, yoʻsinni birovdan oʻrganish mumkin. Lekin fikrlash, ifoda oʻzbekona boʻlishi shart!

…Yozadigan narsasini bilmaydigan, bilmaydigan narsasini yozadigan odam obroʻ-eʼtiborini mayib qilishi turgan gap.

…Toʻgʻri va rost yozishim shart. Aslida bu mezonni sanab oʻtmasam ham boʻlar edi. Chunki aksinchasining iloji yoʻq. Rost yozmay turib yaxshi yozish aslo mumkin emas. Odam eng birinchi oʻrinda oʻzini aldamasligi kerak, shunda boshqalarga ham yolgʻon gapirmaydi. Samimiyat degani aslida shu.

…Oʻzimni oʻzim ichdan nazorat qilaman, yutuq-kamchiliklarimga nazar tashlayman. Ammo bularning bari oʻzim uchun…”

Yosh adibning dil iqrorlariga qoʻshimcha qilishning hojati boʻlmasa kerak!

 

Mahmud SAʼDIY

 

“Ma’rifat” gazetasining 2014-yil 6-avgust sonida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.