“Materik qismida” deyish toʻgʻrimi?
Savol:
Yevropaning materik qismida roʻy bergan tarixiy voqeani aniqlang.
Jumladagi Yevropaning materik qismida iborasi gʻalizdek tuyulyapti, muammo bordek…
Javob:
Gʻalizlik yoʻq. Bemalol ishlatavering. Qitʼa soʻzini ham ishlatish mumkin: Yevropaning qitʼa qismida. Bu yerda gap yaxlit va katta quruqlik qismi haqida ketyapti. Oʻquvchi umumiy mazmundan kelib chiqadi va toʻgʻri tushunadi.
Masalan, Buyuk Britaniya Yevropa qitʼasida joylashgan. Lekin u qitʼa yoki materik bilan yaxlit emas, alohida orolda. Ispaniya, Germaniya, Chexiya, Ruminiya, Bolgariya kabi mamlakatlar esa qitʼadan ajrab qolmagan. Yevropaning qitʼa qismida deyilganda Buyuk Britaniya yoki boshqa orollar nazarda tutilmagani anglashiladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.