Matn vergulzor emas
Vergul qoʻllashga juda ishqibozmiz. Hatto punktuatsiyaga oid kitoblarda ham chalkashliklar, asossiz vergul ishlatishlar, buni qoida tarzida talqin etishlar uchrab turadi. Bitta narsani yaxshi anglab olish kerak: biz taqdim etayotgan har qanday matn alaloqibat oʻquvchi uchun. Tinish belgilarini koʻp va oʻrinsiz qoʻllash matnning tushunarlilik darajasini tushiradi. Mazmuni yaxshi anglashilmagan matnning qiymati kamayadi.
Tinish belgilarini qoʻllashdan maqsad favqulodda bilimdonlikni namoyish etish emas, fikrni tushunarli ifodalash. Mazmun talab qilsa, oʻta zarur boʻlsagina, tinish belgisini ishlatish kerak. Yozganda ham, tahrirda ham mening prinsipim shu. Shunga koʻra, matnni vergulzorga aylantirishga mutlaqo qarshiman. Bu ham uvolning bir turi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.