Mehr goʻzallikdan ustundir

Mehr goʻzallikdan ustundir

Heynrix Heyne hikmatlaridan

 

  • Ayollarning nafrati ham muhabbat – faqat yoʻnalishi oʻzgargan.
  • Ayolni gulga ilk bor qiyoslagan kishi shoir edi, ikkinchi bor oʻxshatgan esa – merov.
  • Aqlli kishilar ichida fikrlaydi, ahmoqlar esa hammaga eʼlon qiladi.
  • Auffenbergni oʻqimaganman. Menimcha, u Arlenkurga oʻxshasa kerak. Uniyam oʻqimaganman.
  • Axloq – yurakning oqilligidir.
  • Barcha sogʻlom odamlar hayotni sevadi.
  • Bahorning latofati koʻpincha qishda bilinadi – pechka yonida oʻtirib may haqida sheʼrlar yozasan.
  • Bekorchi odam toʻkis baxtni his qila olmaydi, uning yuzida hamisha norozilik va hafsalasizlik alomatlarini koʻrasiz.
  • Biz xalqning insoniy huquqlari uchun emas, ilohiy huquqlari uchun kurashamiz.
  • Bizni yigʻlata olgan dramaturgni maqtashga odatlanganmiz. Biroq bu ishni har qanday piyoz uddalay oladi.
  • Butun boyligimni xotinimga vasiyat qilaman. Faqat bir shart bilan: u mendan keyin turmushga chiqishi kerak. Shunda dunyoda bitta boʻlsa ham mening oʻlimimga yigʻlaydigan erkak boʻladi.
  • Buyuk shoirlarning asarlarida ikkinchi darajali qahramonlar yoʻq. Barcha ishtirokchilar oʻz oʻrnida bosh qahramondir.
  • Buyuk ehtiros bizni ikkinchi bor yoʻqlab kelishi mumkin, lekin uning boqiyligiga keyin ortiq ishonmaymiz.
  • Goʻzal qofiyalar koʻpincha oqsoq fikrlarning qoʻltiqtayogʻi boʻladi.
  • Yozuvchi oxir-oqibat oʻz oʻquvchisiga oʻrganadi.
  • Yoshlik fikr va oʻyda xolisdir, shu sababli u haqiqatni chuqurroq anglaydi va his etadi.
  • Iztiroblar – hatto tasavvurdagisi ham – menga ogʻriq beradi.
  • Kechmish – inson qalbining vatanidir. Baʼzida oldin tuygan hislarimizni qoʻmsab qaygʻuga botamiz. Baʼzan hatto oʻtgan dardlarimizni ham sogʻinamiz.
  • Qahramonlar ketgan paytda maydonga masxarabozlar chiqadi.
  • Qilich taqib yurish urfdan qolgandan soʻng gapga ustalik qurolini olib yurish zarur boʻlib qoldi.
  • Men ayollarda xarakter yoʻq demagan boʻlardim, ularda har kuni yangi xarakter boʻladi, xolos.
  • Men biladigan yagona goʻzallik sogʻlikdir.
  • Mehr goʻzallikdan ustundir.
  • Muhabbat qalbdagi tishogʻrigʻidir.
  • Muhabbat! U barcha tuygʻularning ulugʻi va viqorlisidir. Lekin uning qudrati hadsiz himmat va gʻayrishuuriy xolislik bilangina namoyon boʻladi.
  • Nuqson katta boʻlsa, kamroq gʻazablantiradi.
  • Odam qancha baland boʻlsa, kulgiga shuncha oson nishon boʻladi; maydalarni moʻljalga olish qiyin.
  • Olmon tili aslida boy, lekin soʻzlashuv tilida ana shu boylikning oʻndan biridangina foydalanamiz. Fransuz tili esa aslida kambagʻal, lekin fransuzlar ogʻzaki tilda uning bor imkoniyatidan foydalana oladi, shu bois ham amalda soʻzamollar.
  • Talantni birgina belgisida aniqlaymiz-qoʻyamiz, lekin xarakterni bilish uchun uzoq vaqt va davomli muloqot zarur.
  • Tanqidning koʻzlari yoshdan xira tortgan paytda uning fikri ahamiyatga ega emas.
  • Tarjimon tugʻma isteʼdod egasi boʻlishi kerak. U kitobdagi eng muhim va eng yaxshi jihatni koʻrishi va koʻrsata bilishi zarur.
  • Tugal nasriy asar yozish uchun sheʼr ilmining ham bilimdoni boʻlish zarur.
  • Toʻy musiqalari menga doim urush oldidan chalinadigan dovulni eslatadi.
  • Tumshuqbogʻ tutilgan it orqadan huradi.
  • Oʻsha kunlarda menga har kim doʻst edi: ular ovqatimni, soʻnggi tiyinimni men bilan birodarlarcha boʻlishdilar.
  • Har bir davrning oʻz masalalari boʻladi, ularni yechib, insoniyat olgʻa qadam tashlaydi.
  • Har bir odam – bir olam. Bu olam u bilan tugʻiladi va oʻladi. Har bir qabrda butun bir dunyo tarixi yotibdi.
  • Har kim ahmoq boʻlish huquqiga ega.
  • Yumorni aqlsizlar uyidan faqat panjara ajratib turadi.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 6-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube