Meni kechiring, dadajon!

Meni kechiring, dadajon!

U uylanganidan beri uyda qolgan dadasi sababli xotini bilan tinimsiz urishardi. Xotini qaynotasini xushlamas, uni ortiqcha deb hisoblardi. Tortishuvlar baʼzida katta janjalga aylanib ketardi. Ana shunday tortishuvlarning birida xotin masalani shartta koʻndalang qoʻydi: “Bu uyda yo men turaman yo otangiz!” U xotinidan ayrilishni istamasdi. Dadasi bois chiqqan janjal sabab baxtiyor oilasi, oʻzi sevadigan va oʻzini ham sevadigan xotini, bolasidan ajralishi turgan gap edi. Uylanishdan oldin xotiniga erishish yoʻlida koʻp mashaqqatlar chekkandi. Oilasidagilarni zoʻrgʻa koʻndirgan, bir dunyo muammolar bilan yuzma-yuz kelgandi. Xotinini haliyam juda yaxshi koʻrardi.

Uni chorasizlik hissi egallab oldi. Oʻyladi, oʻyladi va oxiri oʻzicha bir yoʻl topdi. Uzoq yillar oldin ovchilikka qiziqib yurganida togʻ etagiga bir kulba qurgan edi. Dadasini oʻsha yerga olib boradi. Haftada bir xabar olib, hol-ahvol soʻraydi, zarur narsalarni yetkazib turadi. Xotinining xarxashalaridan ham qutuladi. Kerakli ashyolarni hozirlagach, toʻshakka mixlanib yotgan xasta dadasini oʻrnidan turgʻazdi va koʻtarib borib mashinaga oʻtqazdi. Oʻgʻli Jon: “Dada, siz bilan borishni xohlayman”, deb turib olgach, uni ham mashinaga chiqardi, birga yoʻlga tushdilar. Avji qahraton edi, olam qattiq sovuq va ayozdan tim-tirs muzlagandi. Qor boʻralab urar, boʻron ichida yoʻlni topib yurish juda mushkul edi. Mitti Jon dadasiga: “Dada, qayerga ketyapmiz?” deb tinimsiz savol berar, biroq javob ololmasdi. Qayerga olib ketilayotganini taxmin etgan qariya ota esa ich-ichidan, oʻksinib-oʻksinib yigʻlar, lekin bu holatini oʻgʻli va nevarasiga sezdirmaslikka tirishardi.

Bir necha soat yoʻl yurishganidan soʻng togʻ etagiga yetdilar. Bu yerga kelmaganiga koʻp boʻlgan edi. Kulba shaklidagi bu yogʻoch uy chiriy boshlagan, ostki qismlari zaxlab-nurab yotardi. U kulbaning bir burchagini tozalab, tartibga keltirdi. Mashinadan yotoq anjomlarini tashib, joy tayyorladi. Soʻng boshqa narsalarni ham tashigach, oxiri dadasini koʻtarib olib keldi. Koʻchadagi izgʻirin ichkariga ham kirib olgandi goʻyo. Ichkarida ham boʻron hukm surardi. Chorasiz, nochor holda otasiga boqdi – u hozirdanoq sovqota boshlagan edi. “Ertaga yana kelaman, yana koʻrpa-toʻshak, adyol opkelaman”, deb oʻyladi u. U shunchalar ilojsiz, shunchalar gʻarib ediki, yelkalariga osmonning yuki tushgandi goʻyo. U oʻzi bilan oʻzi boʻlib turgan bu paytda otasi yuragiga pichoq qadalganday ichdan ingranib oʻtirardi. Oq yuvib, oq tarab oʻstirgan oʻgʻli bugun uni kimsasiz bir kulbaga uloqtirib ketmoqda. Gʻururi toptalgan, ichi oʻt-alanga boʻlib yonar, lekin qari ota bularni oʻgʻliga bildirmaslikka urinardi. Kichkina Jon esa hech narsaga eʼtibor bermas, angrayib atrofni kuzatish bilan band edi. Hech narsani anglamas, lekin bobosidan ayrilish alamini ich-ichidan his etib turardi.

Ketish vaqti yetdi. U otasi yotgan oʻringa egildi, dadasining yonoqlaridan, qoʻllaridan qayta-qayta oʻpdi. “Meni kechiring”, deganday yuzlariga yuzini bosdi, otasining qadrdon hididan toʻyib-toʻyib hidladi. Endi ota ham, oʻgʻil ham oʻzini boshqara olmay qolgan, ikkalasi ham oʻksinib-oʻksinib, hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlardi. U otasining yuziga: “Shunga majburman”, deganday boqdi, soʻng oʻgʻli Jonning qoʻlidan tutib tezda xonadan chiqib ketdi. Mashinaga oʻtirishdi.

Yoʻlga chiqishgach, Jon: “Nega bobomni u yerga tashlab keldingiz!”, deb yigʻlashga tushdi. Ammo otasi javob
berolmas, “Onang shuni istadi”, deyolmasdi. Jon: “Dada, qariganingizda men ham sizni shu yerga olib kelib tashlaymanmi?” deb soʻraganida koʻziga dunyo qorongʻi boʻlib ketdi. U savolga javob bermadi, mashinani chiyillatib ortga burdi. Kulbaga yetib, ichkari kirgach: “Meni kechiring, dadajon!”, deya otasining boʻyniga osildi. Ota-oʻgʻil bir-birini quchgancha duv-duv yosh toʻkardi. Oʻgʻil: “Dadajon, meni kechiring! Ahmoq oʻgʻlingizni kechiring!”, degan gapni tinimsiz qaytarar, yigʻidan toʻxtamasdi. Ota esa titroq tovushlar bilan uning koʻnglini koʻtarishga urinardi: “Qaytib kelishingni bilardim, bolam, qaytib kelishingni bilardim. Axir, men otamni togʻ etagiga tashlab ketganim yoʻq-ku, sen meni tashlab ketsang… Meni qarovsiz, notavon holda tashlab ketmaslingni bilardim, bolam…”

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 9-sonida chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube