Mijoz va mizoj
Bu ikki soʻzning talaffuzi bir-biriga yaqin. Ayniqsa, mizoj oʻzbek tilli kishi uchun aytishga oʻngʻaysiz, shu sabab uni mijoz deb qoʻya qoladi. Biroq ikkisining maʼnosi boshqa-boshqa.
Izohli lugʻatga koʻra, mizoj ikki xil maʼnoga ega:
1️⃣ Kishining oʻziga xos tabiati, xulq-atvori: savdoyi mizoj odam.
2️⃣ Kishi organizmining oʻziga xos talabi:
Margʻilon havosi mizojimga toʻgʻri kelmaganga oʻxshaydi.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
Mizoji issiq yoki issiqmizoj iborasi organizmiga, sogʻligʻiga issiqlik yoqadigan, mizoji sovuq yoki sovuqmizoj iborasi organizmiga, sogʻligʻiga sovuqlik yoqadigan degan mazmunni ifodalaydi.
Mijoz ham ikki xil maʼnoga ega:
1️⃣ Sotuvchiga nisbatan doimiy xaridor va shu xaridorga nisbatan sotuvchi.
Mijozingdan ayrilging kelsa, nasiyaga mol ber.
Maqol.
2️⃣ Biror ish-yumush bilan doim aloqada boʻlgan shaxs.
Mullajon aka ixlos bilan soqol qirar ekanlar, mijozga tushuntira ketdilar.
E. Raimov, “Ajab qishloq”.
Soʻzlashuvda mijoz soʻzi oʻrnida kliyent soʻzini qoʻllash ommalashgan.
❗️ Xoʻsh, mizoj soʻzi oʻrnida mijoz ishlatish xatomi? Yoʻq, xato emas 🙃. Izohli lugʻat mijoz soʻzi soʻzlashuv uslubida mizoj oʻrnida qoʻllanishini taʼkidlaydi:
Palov meʼdamga mixdek qadaladi, qazi-qarta mijozimga toʻgʻri kelmaydi.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
Imlo lugʻati esa issiqmizoj, sovuqmizoj soʻzlarini issiqmijoz, sovuqmijoz shaklida bergan.
👉 Jonli tilda ommalashgan, lugʻatlarga kirgan variantni xato deb boʻlmaydi. Men til tabiatiga teskari borib, tilni eshib-burab mizoj deyish oʻrniga mijoz soʻzidan foydalanishni maʼqul koʻraman. Kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi, deydilar-ku 😎.
📌 Demak:
Mizoj, mijoz, mizoji issiq, mijozi issiq, issiqmizoj, issiqmijoz, mizoji sovuq, mijozi sovuq, sovuqmizoj, sovuqmijoz ✅