Universitet va institut: farqi nimada?
Universitet ham, institut ham oliy taʼlim muassasasi. Biroq ikkovining farqli jihatlari bor. Manbalar asosida ana shu farqlarning eng muhimlarini oʻrganib chiqdim.
Universitet:
- Koʻp yoʻnalishdagi fakultetlarga ega boʻladi. Odatda kamida 7 ta fakultet faoliyat yuritadi. Nomi ham shunga ishora qiladi. U lotincha universitas litterarum – fanlar jamlanmasi birikmasidan hosil boʻlgan.
- Ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishi shart. U yerda nazariy va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
- Pedagoglar tarkibida ilmiy daraja egalari kamida 60 foiz boʻlishi kerak.
Institut:
- Asosan bir yoʻnalishga ixtisoslashadi: tibbiyot, moliya, pedagogika kabi. Nomi lotincha institutum – muassasa soʻzidan. U konstitutsiya soʻzi bilan oʻzakdosh.
- Ilmiy faoliyat bilan ham shugʻullanadi. Lekin bu majburiy shart emas.
- Pedagoglar tarkibida ilmiy daraja egalari kamida 55 foiz boʻlishi kerak.
- Institutlar baʼzan biror universitet tarkibida ham boʻladi. Ular koʻpincha biror fakultet yoki bir necha fakultetlar negizida tashkil qilinadi.
Amaliyotda qaysi universitet yoki institutni bitirganingiz koʻpincha ahamiyatsiz. Toʻgʻri, davlat tashkilotlarida aksariyat mutaxassisliklar uchun oliy maʼlumot talab qilinadi. Lekin bu holatda ham malakangiz muhim.
Bank-moliya sohasida ishlaydigan bir tanishimning aytishicha, ishga olishda mashhur bir universitet va institut bitiruvchilari ish soʻrab kelib qolsa, universitet emas, institut bitiruvchilariga ijobiy qaralar ekan. Demak, oliy oʻquv yurtining obroʻ-eʼtibori ham ahamiyatli.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.