Mingyillik va ming yillik: qay biri toʻgʻri?

Mingyillik va ming yillik: qay biri toʻgʻri?

Yillik soʻzi sonlar va miqdorni bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllanganda ajratib yoziladi: ming yillik, koʻp yillik, besh yillik, oʻn yillik kabi.

 

Besh yillik rejalar muhokama qilindi. Oʻn yillik natijalarga eʼtibor qaratildi.

 

Doim ajratib yoziladimi? Yoʻq, qoʻshib yoziladigan holatlar ham bor. Lekin kamdan-kam uchraydi.

 

Yuzyillik soʻzi baʼzan asr maʼnosida qoʻllanadi. Bunda soʻz qoʻshib yozilishi kerak:

 

Insoniyat yangi yuzyillikda jiddiy muammolarga duch kelyapti.

 

Mingyillik soʻzi esa oʻn asrga teng vaqtni anglatadi:

 

Insoniyat uchinchi mingyillikda oʻzaro urushlar va adovatlarga chek qoʻyishi kerak.

 

Lekin vaqt birligi maʼnosini anglatmay, ming yilga moʻljallangan yoki yoshi ming yilga teng degan maʼnoda kelganda soʻz ajratib yoziladi:

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

 

Samarqand-Kitob yoʻlida hazrat Navoiy va buyuk munajjim Ulugʻbek zamonasidan qolgan ming yillik chinorlar hali ham shovullab turibdi.

“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.

 

Yuzyillik soʻzi ham, mingyillik soʻzi ham izohli va imlo lugʻatlariga kiritilmagan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube