Mutasaddimi yoki masʼul?
Bugun huquqiy hujjatlar tilida mutasaddi idora, mutasaddi tashkilot, mutasaddi idora va tashkilotlar, mutasaddi vazirliklar kabi soʻzlar koʻp ishlatiladi. Bu iboralar qonunlarga tez-tez murojaat qiladigan sohalar, jumladan, ommaviy axborot vositalari tiliga ham koʻchib oʻtgan. Mutasaddi bunday oʻrinlarda masʼul, javobgarligi zimmasida boʻlgan, javobgar kabi maʼnolarni tashiydi.
Aslida, mutasaddi soʻzi shaxsga nisbatan ishlatiladi. Izohli lugʻatga koʻra, qadimda mutasaddi kichik amaldor maʼnosini bildirgan. Eski tilimizda biror ishni oʻz ustiga olgan kishi maʼnosida qoʻllangan. Soʻzning asli arabcha, asliyatda boshqaruvchi; biror ishni boshlovchi, tashabbuskor tushunchalarini ifoda etadi.
❗️ Hozirgi oʻzbek tilida esa biror ishni boshqarish uchun tayinlangan kishi; ishboshi, boshliqni anglatadi:
Vaqtida koʻrak yetkazib berilmasa, mashina, odamlar ishsiz qolgudek boʻlsa, mutasaddilarning jigʻiga tegardi.
N. Safarov, Uzoqni koʻzlagan qiz.
Sport qoʻmitasining mutasaddi kishilari musobaqalarni oʻtkazish, hakamlik qilish ishlariga bevosita jamoatchi sudyalarni… jalb etishmoqda.
Gazetadan.
? Butun boshli izohli lugʻatning biror-bir sharhi yoki misolida mutasaddi soʻzi tashkilot va idoralarga nisbatan ishlatilmagan, barchasida shaxsni bildiradi.
Til muntazam oʻzgarishda, rivojlanishda. Balki bu soʻzning tuzilmalarga nisbatan ishlatilishi ham vaqt oʻtishi bilan lugʻatlarga kiritilar. Hozircha esa bu shaklda qoʻllash xato deyishga asos bor. Tashkilotlarga nisbatan mutasaddi oʻrniga masʼul soʻzidan foydalangan maʼqul. Yana bir tomoni, soʻzning bu tarzda qoʻllanishiga koʻz ham, quloq ham oʻrganib ulgurdi, uning yanglish ekanini qabul qilish oson boʻlmaydi.
Aytgancha, lugʻatga kirmagan degani har doim yetarli asos emas. Oʻzi tilda ishlatiladigan, lekin lugʻatlarda uchramaydigan soʻzlar ham bor. Yuqorida faqat shaxsga nisbatan ishlatiladigan soʻzning idoralar uchun qoʻllanayotgani haqida gap ketdi.
Orif Tolib