Nafar va -ta

Nafar va -ta

Nafar soʻzi arab tilidan kirgan, asliyatda bir necha kishi; bir kishi maʼnolarini anglatadi.

Oʻzbek tilida numerativ, yaʼni hisobni anglatuvchi soʻz sanaladi va faqat shaxs-kishini bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllanadi, adad maʼnosini anglatadi:

 

Yoniga toʻrt nafar yasovul
olib, Sultonali yoʻlga tushdi.

A. Qodiriy, Mehrobdan chayon.

 

Amaldor mahram Yodgorni zindondan chiqardi, zindonbon unga toʻrt nafar qurolli sarbozni soqchi qilib berdi.

S. Ayniy, Doxunda.

 

Nafar soʻzi faqat shaxsni anglatuvchi soʻzlar bilan qoʻllanadi. Jonli va jonsiz narsalarni bildiruvchi boshqa soʻzlar bilan ishlatish xatodir:

 

Besh nafar kitob, toʻrt nafar buzoq, oʻn nafar terak ❌

 

Bunday oʻrinlarda -ta qoʻshimchasidan foydalanish kerak. -ta qoʻshimchasi bilan kelgan sanoq sonlar narsaning miqdorini donalab sanash yoʻli bilan koʻrsatadi:

 

Beshta kitob, toʻrtta buzoq, oʻnta terak. ✅

 

-ta qoʻshimchasini shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllab boʻlmaydi degan yanglish tushuncha ancha keng tarqalgan. Bu – mutlaqo xato. Aylanib-oʻrgilib nafar soʻzini ishlataverish uslubiy xatolik va gʻalizliklarni keltirib chiqaradi. Nafar soʻzi oʻrnida bemalol -ta qoʻshimchasini ishlatish mumkin:

 

Besh nafar oʻqituvchi, olti nafar odam, oʻn nafar tekshiruvchi ✅

Beshta oʻqituvchi, oltita odam, oʻnta tekshiruvchi ✅

 

Kishi soʻzi bilan esa nafar soʻzini ham, -ta qoʻshimchasini ham ishlatmagan maʼqul:

 

Oʻn kishi, yigirma kishi, ellik kishi, yuz kishi, ming kishi ✅

 

Quyida -ta qoʻshimchasi shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan ishlatilgan jumlalarni keltiraman. Ular izohli lugʻatda misol sifatida keltirilgan:

 

Bizning shahrimizda  chet elni koʻrgan, qandaydir bir chet tilni bilgan bitta odam bor.

A. Muxtor, Davr mening taqdirimda.

 

Borib, meni Yoshulliga sot, birorta odamkushini yollab yuborsin.

M. M. Doʻst, Lolazor.

 

Izvoshda oq kiyimli ikkita odam oʻtirardi.

O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa.

 

Bilasanmi, toʻrtta odamning orasiga kirib, hali tilimni bermaganman-a!

S. Ahmad, Xanka bilan Tanka.

 

Sotiboldining xotini dorixonada ishlaydi, har kuni mingta odam bilan javob-muomala qiladi.

A. Qahxor, Mayiz yemagan xotin.

 

Men, beshovlaring qurt tutinglar, beshta odam boʻshasin, demoqchi emasman.

A. Qahhor, Kampirlar sim qoqdi.

 

-ta qoʻshimchasini olgan sonlar kabi tarkibida -ta qoʻshimchasi boʻlgan nechta? soʻroq olmoshi ham shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllana oladi: bir nechta odam, bir nechta sportchi.

 

– Nahorgi oshga nechta odam aytding?

Oʻttizta. Undan oshigʻiga ruxsat yoʻq ekan.

 

-ta qoʻshimchasini shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan ishlatish oʻzbek tili tabiatiga xos. Uning oʻrnida hamisha nafar soʻzini ishlatish yoki shuni talab qilish til tabiatiga teskari borishdir.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.