Nashida nima?
Tilimizda tez-tez xato qoʻllanadigan soʻzlardan biri nashidadir. U arab tilidan kirgan, oʻzbek tilida qoʻshiq; tantanali sheʼr, madhiya maʼnolarini anglatadi. Islomiy mazmundagi qoʻshiqlar ham nashida yoki nashid deb ataladi. Soʻzni bundan boshqacha maʼnoda qoʻllash xatodir:
Dunyodagi minglab bolalar birinchi qoʻngʻiroq nashidasidan benasib. ❌
Dunyodagi minglab bolalar birinchi qoʻngʻiroq ovozini eshitishdan benasib. ✅
Pasport olgan yurtdoshlarimiz fuqarolik nashidasini his etdi. ❌
Pasport olgan yurtdoshlarimiz fuqaro boʻlish baxtini his etdi. ✅
Baxt nashidasi ufurgan goʻsha. ❌
Baxt nashidasi taralgan (yoki yangragan) goʻsha. ✅
Yurtdoshlarimizning yuz-koʻzida baxtiyorlik nashidasi aks etgan. ❌
Yurtdoshlarimizning yuz-koʻzi baxtdan porlaydi. ✅
(Oʻzi bunaqa balandparvoz gap tuzmaslik kerak. Holatni jonliroq, hayotiyroq ifodalash zarur.)
Orif Tolib