“Oʻgay”ning maʼnosi nima?

“Oʻgay”ning maʼnosi nima?

Oʻgay soʻzi tugʻishganlik soʻziga teskari maʼnoda ota-onaga ham, bolaga ham nisbatan ishlatiladi. Ota yoki onasi boshqa bolalar ham oʻzaro bir-biriga oʻgay sanaladi.

Bu soʻzning kelib chiqishi haqida “Etimologiya burchagi” kanali qiziq maʼlumot bilan boʻlishibdi:

Ögäy soʻzi ikki boʻlakdan iborat: ög+äy. Tilimiz tarixida “ona” maʼnosidagi ilk soʻz ög soʻzi boʻlib, toshbitiklarda ota maʼnosidagi qang soʻzi bilan birga koʻp ishlatiladi. Ög ona uchun ishlatilgan turkiy tildagi asliy soʻz boʻlishi kerak, biroq hozir birorta turkiy tilda ishlatilmaydi. Turk tilida yetim maʼnosidagi öksüz shu soʻzdan kelgani aniq.

Oʻzbek tilidagi ögäy soʻzi ham shu soʻzdan keladi. Soʻzdagi ikkinchi boʻlak +äy esa kichraytirish qoʻshimchasi boʻlib, unli bilan tugovchi soʻzlarga toʻgʻridan-toʻgʻri +y sifatida, undosh bilan tugaganda esa +ay sifatida qoʻshiladi. Masalan bobo > boboy, togʻa > togʻay/togʻoy, opa > opoy, ogʻa > ogʻoy. Demak, bu soʻzlar bobojon, opajon/opacha, togʻajon, akajon kabi maʼnolarni bildirsa, ögäy onajon, kichik ona maʼnosida boʻladi. Soʻzning dastlabki maʼnosi shunday edi, vaqt oʻtib nafaqat ona uchun, balki qon-qarindoshligi boʻlmagan har qanday yaqinlik uchun ishlatila boshlandi.

Iqtibos tugadi.

“Boburnoma”da ogʻa, oqo soʻzlari ayollarga nisbatan ishlatilishini koʻrib, biroz hayron boʻlgandim. Asosi bor ekan.

Vodiy shevalarida ayol oʻqituvchilarni opoʻy deb chaqirish uchraydi. Demak, bunda opacha maʼnosi bor.

Hozirgi tilimizda ishlatiladigan oʻksik, oʻksiz soʻzlarining oʻzagi ham ög ekani oydinlashdi. Oʻksiz soʻzi etim, himoyasiz, gʻamgin maʼnolarini ifodalasa, oʻksik soʻzi qaygʻuli, xafalik kabi maʼnolarga ega. Bu soʻz oʻksizdan hosil boʻlgan degan fikrdaman.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube