Zambur, zambil va zamburugʻ
Zambil soʻzining maʼnosi soʻralgan testda baʼzilar xato qildi. Variantlarda berilgan izohlarga mos soʻzlar bilan tanishing:
🟢 Zambur – forschadan oʻzlashgan soʻz, shevada qovogʻari maʼnosida qoʻllanadi.
Kavakdan chiqqan zamburni danak chaqqandek bitta-bitta urib tushiraverdi.
S. Nurov, “Narvon”.
🟢 Zambil – gʻisht, tuproq, tosh va shu kabi yuklarni tashish uchun ishlatiladigan, ikki parallel dastaga tol yoki tut novdalaridan oʻrtasini chuqurroq qilib toʻqilgan ish quroli. Keyinchalik esa dastalarga koʻndalangiga yupqa taxtalar, shuningdek, tunuka qoqilgan. Hozir tunukali yoki simtoʻrli zambillar koʻp uchraydi.
Kimlar ketmon bilan, kimlar choʻkich va yo zambil bilan ishlar edi.
M. Ismoiliy, “Fargʻona tong otguncha”.
🟢 Zamburugʻ – tarkibida xlorofill boʻlmaydigan, spora bilan koʻpayadigan, ildizsiz va urugʻsiz tuban oʻsimliklarning umumiy nomi.
Olma mevasiga sakkiz protsentli kaltsiy xlor eritmasi bilan ishlov berilsa, undagi zamburugʻlarning rivojlanishi toʻxtaydi.
“Fan va turmush”.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.