Ona koʻngli
Oʻgʻli oʻgʻri, kazzob boʻlsa ham
Ona koʻngli umidga toʻlar:
Hali odam boʻladi bolam,
Hamma havas qilgulik boʻlar.
Tong saharmi yoki vaqti shom
Chin yurakdan qilar duolar.
Balki shundan – balo boʻlsa ham
Bolasiga urmas balolar.
Ona kutar, intizor kutar,
Vaqt imillar, sovib qolar choy.
Goʻyo undan hol soʻrab oʻtar
Koʻngil kabi yarimlagan oy.
Ona kutar, umidi oʻlmas,
Koʻzlariga singar nolasi.
Endi qaytib kelmaydi, bilmas,
Yoʻl yoʻqotgan goʻdak bolasi.
Orif Tolib
2010