Onam
Mendan olislarda, mendan uzoqda,
Tonglardan yiroqda, kundan yiroqda.
Oʻgʻlisiz huvillab qolgan qishloqda
Yoʻlimga intizor onam bor mening.
Daryo koʻngli nedan yaralgan ekan,
Bunchalar teran u, bunchalar ulkan.
Xafa boʻlishniyam eplolmaydigan
Sodda va beozor onam bor mening.
Qaniydi, shu baxtga yeta olsaydim,
Shu katta sinovdan oʻta olsaydim –
Onam koʻnglini shod eta olsaydim,
Oʻgʻlidan umidvor onam bor mening.
Balki tushlarida meni koʻrgandir,
Kelar deb nonga sut izlab yurgandir,
Yoʻl boshida ilhaq kutib turgandir…
Yoʻlimga intizor onam bor mening.
Orif Tolib
2013