Oʻqitish – umid urugʻlarini ekish demakdir

Oʻqitish – umid urugʻlarini ekish demakdir

Oʻqituvchilar haqida hikmatlar

 

Agar oʻqituvchida ishiga muhabbatgina boʻlsa, u yaxshi oʻqituvchiga aylanadi. Oʻquvchisigagina muhabbati bor muallim hamma kitoblarni oʻqigan, lekin ishini ham, oʻquvchisini ham sevmaydigan oʻqituvchidan yaxshiroqdir. Har ikki muhabbatni oʻzidan jam qila olgan oʻqituvchi esa komil ustozdir.

Lev Tolstoy, rus yozuvchisi

 

Vrachlar va oʻqituvchilardan moʻʼjiza talab qilinadi, lekin ana shu moʻʼjiza amalga oshsa, hech kim ajablanmaydi.

Mariya-Ebner Eshenbax, avstriya adibasi

 

Shogird ustozida raqobatchi emas, oʻrnak timsolini koʻrsa, undan hech qachon oʻzib keta olmaydi.

Vissarion Belinskiy, rus adabiyotshunosi

 

Oʻqituvchi maksimal obroʻga, minimal hokimiyatga ega boʻlishi kerak.

Tomas Sas, amerikalik ruhshunos

 

Ustozidan oʻzib ketmaydigan oʻquvchining holiga voy.

Leonardo da Vinchi

 

Oʻqituvchilar uyga vazifa berib oʻquvchilarini nishonga oladilar, lekin “oʻq”lari ota-onalarga tegadi.

Jorj Simenon, fransuz yozuvchisi

 

Yaxshi ustoz boshqalarga hatto oʻzining qoʻlidan kelmaydigan narsalarni ham oʻrgatishi mumkin.

Tadeush Kotarbinskiy, polyak faylasufi

 

Ustozning soʻzlarini takrorlash uning davomchisi boʻlish degani emas.

Dmitriy Pisarev, rus adabiyotshunosi

 

Yuzta oʻqituvchi yolla, lekin oʻzing oʻzingni majburlay olmasang, oʻzingdan oʻzing talab qila bilmasang, ularning hech biri senga yordam bera olmaydi.

Vasiliy Suxomlinskiy, ukrain pedagogi

 

Men oʻqituvchidan yaxshi axloqni talab qilaman, buni boshqa har qanday fuqarodan ham talab qilgan boʻlardim.

Deni Didro, fransuz yozuvchisi

 

Birovga oʻrgatish uchun oʻzing oʻrganishingga kerak boʻladigandan koʻra koʻproq aql zarur.

Mishel Monten, fransuz yozuvchisi

 

Oʻqituvchi uchun oʻzidan oʻtib ketgan oʻquvchini koʻrishdan ortiq baxt yoʻq.

Lev Tolstoy, rus yozuvchisi

 

Yaxshi oʻqituvchi bilan buyuk oʻqituvchining farqi nimada? Yaxshi oʻqituvchi oʻquvchisining qobiliyatlarini soʻnggi chegarasigacha rivojlantiradi. Buyuk oʻqituvchi esa bu chegarani bir qarashdayoq koʻra oladi.

Iogann Gyote, olmon yozuvchisi

 

Oʻqituvchi ogʻir ishlarni yengil bajara oladigan kishidir.

Ralf Emerson, amerikalik yozuvchi

 

Oʻqitish ikki karra oʻrganish demakdir.

Jozef Juber, fransuz yozuvchisi

 

Bolalarni oʻqitish – zaruriy yumush. Biroq oʻzimiz ham ulardan oʻrganishimiz gʻoyat foydali ekanini anglashimiz kerak.

Maksim Gorkiy, rus yozuvchisi

 

Muallim uchun oʻqitish qancha oson boʻlsa, oʻquvchilar uchun tushunish shuncha qiyin boʻladi.

Lev Tolstoy, rus yozuvchisi

 

Muallimlik sanʼati oʻquvchilar qalbida qiziqish uygʻotish, soʻng bu talabni qondirishdir.

Anatol Frans, fransuz yozuvchisi

 

“Men qilgan narsani qaytar”, degan odamdan hech narsa oʻrgana olmaymiz. Bizning yagona chinakam oʻqituvchilarimiz “Men bilan birga bajar”, deydigan kishilardir.

Jil Delez, fransuz faylasufi

 

Oʻqitish – umid urugʻlarini ekish demakdir.

Lui Aragon, fransuz yozuvchisi

 

Oʻqituvchi uchun eng katta shodlik – shogirdini maqtashgani.

Sharlotta Bronte, ingliz adibasi

 

Oʻquvchi hamisha faqat mehr qoʻygan kishisidangina taʼlim oladi.

Yohann Gyote, olmon yozuvchisi

 

Xalqqa taʼlim berish – uni yaxshilashdir; tarbiyalash – axloqini yuksaltirishdir, ziyoli qilish esa taraqqiy ettirish demakdir.

Viktor Hyugo, fransuz yozuvchisi

 

Agar sizning rejangiz bir yillik boʻlsa, sholi eking. Oʻn yillik boʻlsa, daraxt oʻtqazing. Agar bir umrlik reja tuzgan boʻlsangiz, bolalaringizni tarbiyalang.

Konfutsiy, Qadimgi Xitoy mutafakkiri

 

Hamma narsani tarbiyalash kerak: odamlarni, buyumlarni, hodisalarni. Lekin eng oldin odamlarni. Odamlar ichidan esa eng oldin ota-onalar va pedagoglarni tarbiyalash zarur.

Anton Makarenko, rus pedagogi va yozuvchisi

 

Chinakam ustoz senga hamisha tarbiya beradigan kishi emas, mustaqil boʻlishingga yordam beradigan kishidir.

Mixail Svetlov, rus shoiri

 

Oʻqituvchi oʻzining bolalaridan koʻra birovlarniki tarbiyalashni yaxshi biladigan kishidir.

Jyulyen de Falkenare, flamand yozuvchisi

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

 

“Kitob dunyosi” gazetasining 2019-yil sentyabr sonida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube