Oʻquv adabiyotlari tili: oʻzbekcha ifodalang

Oʻquv adabiyotlari tili: oʻzbekcha ifodalang

Oʻquv-taʼlimiy adabiyotlar, ilmiy kitoblarda koʻp uchraydigan va tishga tegadigan holatlardan biri – taʼriflarda joʻnalish kelishigi qoʻshimchasini oʻrinsiz ishlatish. Masalan:

 

Hajm birligiga toʻgʻri keladigan massaga moddaning zichligi deyiladi.

Moddaning zichligi deb hajm birligiga toʻgʻri keladigan massaga aytiladi.

 

Yuqoridagi kabi ifodalar tiqilib yotibdi. Misollarda qalinda belgilangan joʻnalish kelishigi qoʻshimchasiga aslida hojat yoʻq. Bu shaklda gap tuzish oʻzbek tili tabiatiga xos emas. Goʻyo kimdir massani toʻxtatib olib, unga “ey moddaning zichligi” deyayotgandek. Ustiga ustak joʻnalish kelishigi ham takror kelyapti. Ikkinchi misol unchalik xato boʻlmasa-da, ifodasi loʻnda emas, tahrir nuqtai nazaridan qusurli.

 

Toʻgʻri variant:

Hajm birligiga toʻgʻri keladigan massa moddaning zichligi deyiladi.

 

Yoki:

Moddaning zichligi – hajm birligiga toʻgʻri keladigan massa.

Moddaning zichligi hajm birligiga toʻgʻri keladigan massadir.

 

Oʻquv va ilmiy matnlar uslubini hisobga olsak, birinchi variant afzal.

 

Qiyoslang:

Matnni tuzatishlar kiritib yaxshilash tahrir deyiladi. ✅

Matnni tuzatishlar kiritib yaxshilashga tahrir deyiladi. ❌

 

Tahrir matnni tuzatishlar kiritib yaxshilashdir. ✅

Tahrir deb matnni tuzatishlar kiritib yaxshilashga aytiladi. ❌

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube