Oʻzbek tilini ham bir oʻrganib qoʻying

Oʻzbek tilini ham bir oʻrganib qoʻying

“An-Nasr” soʻzining imlosi masalasida inglizchasini asos qilib koʻrsatganlar boʻldi. Ogʻaynilar, gap arabcha soʻzni oʻzbekchada yozish haqida ketdi, inglizchada yozish haqida emas.

Oʻzbek tili arab tili bilan ming yillardan beri faol aloqa qilib keladi. Asli arabcha boʻlgan va tilimizga singib ketgan minglab soʻzlar bor.

Al artiklini hozirgi imloda ifodalash boʻyicha maʼlum bir tartib shakllangan. Masalan, Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonini arabchadan oʻzbek imlosiga oʻgirganda oʻqilishi bilan olganmiz. “Xazoyin al-maoniy” demaganmiz. At-Termiziy, az-Zamaxshariy nomlarini ham al-Termiziy, al-Zamaxshariy shaklida aytmaymiz va yozmaymiz. Inglizlar yozilishini asos qiladi va har doim al yozadi. Solishtiring:

👉  Al-Tirmidhi

👉 Al-Zamakhshari

Oʻzbekchada kiril va lotin imlosida oʻqilishi boʻyicha yozish amalda. XX asrgacha esa bu soʻzlar shundoq ham arab imlosida yozilgan.

Tanqid qilish, boshqalarni bilmaslikda ayblashdan oldin ozroq oʻzbek tilini ham oʻrganib qoʻying. “Toʻgʻri yozamiz” sahifasi Misrdagi kurort-shahar Sharmushshayx haqida yozgan maqola izohlarini koʻzdan kechirsam, u yerda ham norozilik bildirilibdi. Baraka topkurlar, hech boʻlmasa, Vikipediyaga qarang: hatto ruschada ham, turkchada ham talaffuziga yaqin yozisharkan.

Arabchada ham al deyiladi deb hukm oʻqivoradiganlar Google okamgilardan soʻrab koʻrsa boʻladi, oʻqib beradi:

👉 “An-Nasr”

👉 Sharmushshayx

👉 Dorussalom

Xullas, bilmagan sohamizda ekspertlik qilmasak, hayot ancha goʻzallashadi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube