Oʻzingsan

Oʻzingsan

Qorongʻu yoʻlimni yoritsin imon,

Menga ogʻir ishni aylagin oson –

Nafsim yengilsinu yengil tortsin jon,

Qalbimni poklovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

Sirot koʻprigidir, aslida, hayot,

Yanglish qadam bossam – topganim barbod.

Tavakkul sengadir, sendandir najot,

Omonda saqlovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

Dunyo ishlaridan koʻnglim choʻgʻdir, choʻgʻ,

Savollar – zaharga toʻygan oʻqdir, oʻq.

Ammo Qiyomatda egriga kun yoʻq –

Toʻgʻrini oqlovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

Har kimning murodin anglagan sensan,

Devonaning ishin oʻnglagan sensan.

Mazlumlarning ohin tinglagan sensan,

Ojizni yoʻqlovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

Rohat-farogʻatdan dam urganda nafs,

Tanglik, talofatdan dam urganda nafs,

Ochligu kulfatdan dam urganda nafs,

Koʻngilni toʻqlovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

Qahring adolatdir, mehring adolat,

Oʻzing hidoyat qil – qilgil himoyat.

Haq soʻz ber va shunga yarasha toqat,

Haq soʻzni yoqlovchi Oʻzingsan, Alloh.

 

 

Orif Tolib

 

2013

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube