Poshsho, poshsha va posho

Poshsho, poshsha va posho

Bu uch soʻz bir-biriga talaffuz jihatidan yaqin, lekin maʼnolari farqlanadi.

Poshsho soʻzi podshoh soʻzining soʻzlashuv tilidagi variantidir: podshoh – podsho – poshsho. Baʼzi Sharq mamlakatlarida mutlaq hokimlik qiluvchi hukmron unvoni va shunday unvonga ega shaxs, yaʼni shoh podshoh deb ataladi. Podshohlar tarixda koʻp oʻtgan, Sharq xalqlari xalq ogʻzaki ijodi, jumladan, ertaklarda ham hukmdorlar asosan podshohlar boʻladi.

Podshoh soʻzi qadimgi fors tilida pod – hukmdor, shoh – ulugʻ, buyuk, yaʼni ulugʻ hukmdor maʼnosini anglatadi.

Podshohlar hozir ham bor. Masalan, Saudiya Arabistonida davlat rahbari podshohdir.

Poshsha xotin-qizlarga murojaatda hurmat yoki erkalatishni ifodalaydi. Bu soʻz katta ehtimol bilan podshoh soʻzining oʻzgargan shakli. Ayollarga, jumladan, kelinlarga ayricha hurmatni ifodalash, podshohlarga koʻrsatiladigan izzat-ehtiromga siz ham loyiqsiz degan maʼnoni berish uchun shu soʻz tanlangan boʻlishi mumkin. Tilimizda poshsha tarkibli kelinposhsha, qizposhsha kabi soʻzlar ham uchraydi.

Posho esa Usmonli sultonligida fuqarolar va harbiylarga berilgan faxriy unvon. Milliy ensiklopediyaga koʻra, dastlab vazir, beklarbegi va boshqa yuqori mansabdor shaxslar unga sazovor boʻlgan. Posho idora etgan viloyat yoki tuman posholik deb atalgan. XIX asrdagi islohotdan keyin va muntazam armiya tuzilgach, posho general va vazirlarga ham berilgan. Turkiya Respublika deb eʼlon qilingach (1923), faqat generallargina posho unvoniga ega boʻlgan. Keyinchalik Turkiyaning oʻzida (1934), soʻngra Misrda (1952), Iroqda (1958) bekor qilingan.

Posho soʻzi rus olimlari fikricha, podshoh soʻzining oʻzgargan koʻrinishi. Biroq turk olimlari bu fikrga qoʻshilmaydi: posho eski turkiy tilda oʻgʻil farzand maʼnosini anglatgan basha soʻzidan yoki bosh ogʻa soʻzidan hosil boʻlgan. Bir variantga koʻra, bosh soʻziga -a (oʻzbekchasi -da) qoʻshimchasi qoʻshilgan va eng yuqoridagi kishi, boshida turuvchi odam maʼnosidagi soʻz yasalgan.

Turkiyada posho unvoni allaqachon bekor qilingan boʻlsa-da, bu soʻz general unvonli kishilarga murojaatda hozir ham keng qoʻllanar ekan.

Posho turkchadan boshqa tillarga ham koʻchib oʻtgan.

Posho soʻzini oʻzbekchada poshsho shaklida yozish ham uchraydi. Menimcha, uni bu shaklda yozish toʻgʻri emas. Maʼno-mazmunni farqlash uchun ham posho variantini ishlatgan afzal.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube