Pushti kamar: pusht nima?

Pushti kamar: pusht nima?

Tilimizda pusht soʻzi qatnashgan bir necha iboralar bor: pushti kamar, pushti panoh, yetti pusht, pushti kuyish, pushti koʻtarmaslik. Xoʻsh, bu soʻz aslida qanday maʼnoga ega va u qatnashgan iboralar nima mazmunda qoʻllanadi?

Pusht soʻzi fors tilidan oʻtgan, asliyatda orqa, yelka; bel, sperma joyi; tayanch, himoya; homiy maʼnolariga ega. Oʻzbek tilida esa quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:

 

  1. Odam yoki jonivorning urugʻ yoki tuxumida boʻladigan, maʼlum sharoitda rivojlanib, bolaga aylanadigan, oʻz rivojlanishining boshlangʻich bosqichidagi aʼzo; embrion:

 

Odamning pushti. Hayvonning pushti.

 

  1. Kimsa yoki oilaning ajdodi yo avlodi, avlod-ajdod; nasl.

 

Mening erim… toʻplagan mol-dunyosi ikki pushtga yetadi, – dedi Kumush. T. Jalolov, Oltin qafas.

 

Pushti kamar iborasi ikki xil maʼnoga ega: 1) otalik urugʻi, sperma; 2) kishining oʻz farzandi.

 

Mening pushti kamarim bu, suyukli oʻgʻlim,

Nuriydiydam vasli uchun Tangriga shukur.

A. Oripov, Yillar armoni.

 

Pushti panoh iborasining toʻgʻri varianti aslida pushtu panoh. Lekin pushti panoh shaklida qoʻllash toʻgʻri, chunki gʻalati mashhurga aylangan:

 

Suyangan togʻlari, pushti panohlari eshoni Sudurni boshlab kelishdi.

Sh. Xolmirzayev, Qil koʻprik.

 

Yetti pusht iborasi yetti avlod yoki ajdodni anglatadi. Matndagi mazmunga koʻra, oʻtgan ajdodlar yoki kelajak avlodlar maʼnosini tashishi mumkin:

 

Yetti pushtim oʻtmagan otda,

Bu aslida emas katta gʻam.

“Sharq yulduzi”.

 

Mirbadalbek, hushyor boʻling, mening qonim etti pushtingizga sachraydi!

P. Qodirov, Yulduzli tunlar.

 

Pushti kuyish iborasi biror kasallik natijasida bola koʻrmaydigan boʻlib qolishni anglatadi.

 

Pushti koʻtarmaslik esa yoqtirmaslik, toqat qilolmaslik maʼnolariga ega:

 

Oyisi etagidan tutgan boladek yuradiganlarni pushtim koʻtarmaydi.

O. Muxtor, Ayollar mamlakati va saltanati.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube