Qachon tire ishlatilmaydi?
Bilasiz, ot kesimli gap bogʻlamasiz qoʻllanganda ular orasiga tire qoʻyiladi:
Asosiy maqsadim – mohiyatni tushuntirish.
🟢 Lekin ot kesimli gapda har doim ham tire ishlatilavermaydi. Xoʻsh, qaysi holatlarda tire kerakmas?
- Ot kesim inkor shaklida boʻlsa; ot va kesim orasida kirish soʻz, undov soʻzlar, yuklamalar kelsa:
Bundan maqsad oʻquvchini chalkashtirish emas.
Eng yaxshi sovgʻa, menimcha, kitob.
Piyoda ham odam.
- Ot kesimli gap turgʻun birikmaga – ibora yoki idiomaga aylangan boʻlsa:
Insonning qoʻli gul.
- Ega kishilik olmoshlari bilan; ot kesim sifat, ravish, tartib son, qoʻshimchali miqdor son yoki egalik olmoshi bilan ifodalanganda:
Sen Lutfiyning soʻlim gʻazali.
Daftarning rangi yashil.
Uning harakati tez.
Sening navbating toʻrtinchi.
Matndagi xatolar soni sakkizta.
Eti sizniki, suyagi bizniki.
- Ot kesim soʻroq olmoshlari yoki yuklamali soʻzlar bilan ifodalanganda:
Imtihon qachon?
Savol bergan kim?
Eng ilgʻor oʻquvchi Saidami?
- Ot kesimga kelishik qoʻshimchalari qoʻshilgan boʻlsa:
Kuch adolatda!
Kuch bilim va tafakkurda!
❗️ Ammo bogʻlovchisiz qoʻshma gap tarkibidagi ikkinchi gapning kesimi tushib qolsa, ikkinchi gapdagi egadan keyin tire qoʻyiladi:
Ayrilgan yoʻlda qolar, boʻlingan – doʻlda.
Bulbul chamanni sevar, odam – vatanni.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.